Afg’oniston “Mir Alisher Navoiy fikrlarini qayta o’rganish” nomidagi xalqaro seminarga mezbonlik qildi. Keng ommaning e’tiborini jalb etgan ushbu tadbir ijobiy baholanmoqda.
“Amir Alisher Navoiy Afg’oniston tarixi va madaniyatining iftixoridir. Hammamiz uning fikr-maktabini himoya qilamiz”, - deydi Prezident Ashraf G’ani.
Ashraf G’ani nazarida madaniyat mintaqaviy hamkorlikni oshirish va munosabatlarni yaxshilash uchun muhimdir.
Uch kun davom etgan ilmiy-madaniy tadbirda O’zbekiston,Tojikiston, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan navoiyshunos olimlar qatnashdi.
“Hirot biz uchun begona emas, ikkinchi vatanimizdir. Hirot O’zbekiston faxridir”, - deydi O’zbekiston prezidentining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev.
Afg’onistonlik navoiyshunos olim Ishonch To’ra Hirotda bo’lib o’tgan seminar ko’p jihatlari bilan ahamiyatli ekaniga urg’u beradi.
“Bu seminar hozirgi zamon odamlari bilan 15-asr hayoti o’rtasida ko’prik vazifasini bajardi. Tadbirda qatnashgan barcha kishilarni 15-asrga sayrga olib chiqdi. O’zbeklar Afg’onistonda begona emas, tinchliksevar va foydali xalq. Bu seminardan chiqarilishi mumkin bo’lgan xulosa”, - deya qayd etadi suhbatdosh.
Professor nazarida mushtarak madaniy boyliklar qo’shnichilik aloqalariga bevosita ta’sir o’tkazadi.
“Janub-g’arb havzasi bilan shimoliy viloyatlar o’rtasida ma’naviy bog’liqlik vujudga keldi. Oldinlari bunday holat kuzatilmas edi. Navoiy yubileyi sharafi bilan uzilishlar qayta tiklandi. O’zbeklarga bo’lgan salbiy zehniyatlar tozalandi. Navoiyning ruhi kir qarashlarni yuvdi, tozaladi”, - deydi navoiyshunos Ishonch To’ra.
Bunday ilmliy-madaniy tadbirlar ikki davlat munosabatlarini yanada yuksaltiradi, deydi u.
“O’zbekiston endi yopiq davlat emas, Hirotda o’z konsulligini ochadi, bu ham ijobiy qadam. 40 yildan beri urush qurboni bo’lib kelayotgan xalq O’zbekistonga borib tinchlikni tatib ko’radi”.
Seminar doirasida Navoiyning mashhur “Xamsa” asari qayta chop etilib, Toshkentdan sovg’a sifatida Kobul rasmiylariga taqdim etildi.
Facebook Forum