Kobulda o'tgan anjumanda Afg’oniston, Amerika, Xitoy va Pokiston rasmiylari Tolibon bilan muloqot istiqbolini, uzoq yillik urushga barham berish yo'llarini muhokama qildi. Tugal maqsad - rasmiy Kobul va toliblarni muzokara stoliga qaytarish. Biroq Tolibon uchrashuvlarda qatnashish istagini hali rasman bildirgani yo'q.
Tinchlik muloqoti Afg’onistonga qo’shni Markaziy Osiyo o’lkalarida ham ijobiy baholanmoqda. Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, Afg’onistonni tiklash uchun global hamkorlik lozim.
To’rt davlat diplomatlarining Tolibon bilan muloqot uyushtirish harakatini markaziy osiyolik kuzatuvchilar umidli qadam, deya baholamoqda.
Qirg’izistonlik sharqshunos, xavfsizlik masalalari bo’yicha taniqli mutaxassis polkovnik Begijon Ahmedovga ko'ra, toliblar masalasi hal etilmaguncha, Afg’onistonda barqarorlik borasida so’z yuritish qiyin.
“Aslida geosiyosiy maqsadlar yo'lida tuzilgan Tolibon afg’on xalqi mentaliteti, qadriyatlari, dunyoqarashi hamda milliylik g’oyalariga ustalik bilan tayanadi. O’ziga xos turmush tarziga aylangan bu harakat mahalliy xalqning bosimli qismi orasida ishonch-e’tibor qozongan. Tolibon rahbarlari orasida turli yo’nalishdagi arboblar mavjud - kimdir radikal g’oyalarni olg’a suradi, kimdir ma’lum davlatlarning maxsus xizmatlati bilan hamkorlik qiladi, kimdir mo’tadil fikrlaydi. Menimcha, birinchi navbatda xalq, vatan kelajagi haqida qayg’urayotgan, radikallashmagan guruhlar bilan tig'iz muloqot lozim”, - deydi Begijon Ahmedov.
O’shlik tahlilchi, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Odiljon Obidov fikricha, Afg’onistonda barqarorlik o’rnatish hamda mamlakatni tiklash uchun global hamkorlik lozim.
“Asosiy vazifa - Afg’onistonda urush-talashish vaziyatiga barham berish va jamiyatni tinch hayotga qaytarish. Bu o’rinda nafaqat muloqot tashabbusini ko’tarayotgan bir necha o’lka, balki xalqaro hamjamiyat, jumladan, Afg’onistonga qo’shni bo’lmish Markaziy Osiyo mamlakatlari, Pokiston, Hindiston kabi davlatlarning izchil ko’magi darkor“, - deydi o’shlik tahlilchi Odiljon Obidov.
Qirg’iziston Afg’onistonda tinchlik o’rnatish harakatlariga baholi qudrat hissa q’oshib kelmoqda. Bishkek ko’p yillik urush va ziddiyatlardan aziyat chekkan o’lka iqtisodiyotini izga solish ishlarida qatnashish niyatini bildirgan.
Qirg’izistonlik tadbirkorlar asta-sekin qo’shni tomon bilan savdo-sotiqni yo’lga qo’yayotgani aytilmoqda. Iqtisod sohasida istiqbolli loyihalar qatori Tojikiston bilan hamkorlikda Afg’oniston va Pokistonga yirik hajmda elektr quvvati yetkazib berish loyihasi (CASA-1000) tilga olinadi. Qirg’iziston oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ko’plab afg’on talabalari ta’lim olayotir.
Begijon Ahmedov ta’biricha, Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishi mamlakatni tiklash yo’lidagi yirik va samarali loyihalarni amalga oshirishga sharoit yaratadi.
Tahlilchilarga ko’ra, Afg’onistondagi vaziyatning barqarorlashishi mintaqa taraqqiyoti uchun muhim omil.
“Markaziy Osiyo davlatlari o’zaro bahsli masalalarni ortga surib, terrorizm, elstremizm, giyohvand moddalar oqimi, Suriya va Iroqdagi voqealar kabi umumiy xavflarga qarshi hamjihatlikda kurash olib borishlari kerak “, deydi Begijon Ahmedov.