Suriya shimoli-sharqidagi al-Hol lagerida “Islomiy davlat” jangari to’dasining 9000 ga yaqin oila a’zosi saqlanadi. Ular salkam 60 mamlakat vakillari. Lager aholisining bir qismi ekstremistik mafkuradan himoyalanmagan bolalar.
Ko’p ayollar o’z farzandlarini “Islomiy davlat” ta’limoti va g’oyalariga asoslanib voyaga yetkazmoqda.
Kurdlar nazoratidagi lager mutasaddilari tarqatgan bir videoda o’zini Amir deb atovchi bir bolakay namoz o’qiyotgan boshqa bolalar uchun imomlik vazifasini bajarmoqda. Daish jangarilari odatda o’z rahbarlarini “amir” deb chaqiradi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbat qilgan ayollarning aytishicha, ular farzandlarining ulg’ayib jihodchi otalarining yo’lidan borishiga umid qilmoqda.
“Inshalloh, ular jihodchilarga aylanadi. “Islomiy davlat” qaytib kelishiga ishonamiz, farzandlarimiz mujohid bo’ladi”, - deydi ayollardan biri.
Lagerdagi bir bola “Amerika Ovozi” muxbirini “kofir” deb chaqirib, “Islomiy davlat” qaytganida uni o’ldirishga so’z berdi.
Yana bir ayol esa qo’lida pichoq bilan muxbirga tahdid soldi.
O’zini Um Abdulla deb atagan boshqa ayol Xitoydan ekanini, lagerda ikki farzandi bilan yashashini aytarkan, “Islomiy davlat” jangarilarining yil boshida Xasaka shahridagi boshqa qamoqxonadan 3500 ga yaqin safdoshini ozod etishga qaratilgan hujumini olqishladi.
Bir necha kun davom etgan to’qnashuvda yuzlab jangarilar va lagerning kurd soqchilari nobud bo’lgan.
“Hujumdan so’ng “Islomiy davlat” qaytib kelishiga ishonch paydo bo’ldi. Erlarimiz qamoqda bir umr o’tirishiga ishonmayman”, - deydi bu ayol.
Al-Hol lagerida Daish mafkurasidan uzoqlashgan odamlarni xoin deb bilishadi, ayollar hujumiga uchrab turadi. Natijada bunday odamlarni himoya qilish uchun lager mutasaddilari ular uchun alohida joy yaratishga majbur bo’ldi.
Um Ahmad ismli iroqlik ayolning aytishicha, “Islomiy davlat” yacheykalarining kuchga to’layotgani jangarilarning lagerdagi rafiqalarini ruhlantirmoqda.
“Ayollar farzandlariga “otang uchun qasos olishing kerak, ulg’ayganda mujohid bo’lasan” deb o’rgatyapti. Jangarilar lagerdagilarning 90 foizini nazorat qiladi”, - deydi u.
Facebook Forum