Breaking News

Suriya urushga tortilar ekan, alaviylar qo’rquvda


Suriya prezidenti Bashar al-Assad va uning atrofidagilar asosan shia mazhabining alaviy oqimiga kiradi. Alaviylar bu mamlakat aholisining 12 foizini tashkil etadi.



Suriya shahar-qishloqlarida ro’y bergan qatliomlar, deydi faollar, el orasida shabiha nomini olgan va hukumatga aloqador alaviy jangari guruhlarning ishi. “Amerika Ovozi” muxbiri yaqinda Suriya-Turkiya chegarasiga safar qilib, bu oqim vakillari bilan suhbatda bo’ldi.

Turkiyaning Gaziantep shahridagi alaviylar ibodatxonasidamiz… Ularga xos diniy marosim, musiqa va raqslar, shuningdek, devordagi 12 imom tasviri aksar musulmonlarga begona.

Ko’pchilik biz haqimizda yanglish tasavvurga ega, deydi alaviylar. Suriya mojarosi ketidan ularga nisbatan munosabat yanada salbiylashgan. Namozxona yetakchisi Husayn Keskinning aytishicha, Turkiya hukumatining xatti-harakatlarida ham shuni sezish mumkin.

“Rasmiy Anqara Suriyada kim tomonida ekani sir emas. Ular yaraga tuz sepishyapti, muammoni yechishga hissa qo’shishmayapti”, - deydi u.

Husayn Keskinning ta’kidlashicha, Turkiya alaviylari ozchilik sifatida haq-huquqlaridan mahrum.

“Hukumat bizni adashgan to’da deb biladi, biror muammoni hal qilib berish haqida o’ylamaydi”.
Men o’zim alaviyman. Lekin muhimi din emas, insoniy qadriyatlar-ku axir.


Suriyada ham alaviylar orasida qo’rquv tarqalmoqda. Agar prezident Assad hokimiyatdan ag’darilsa, sunniylar bilganini qiladi, nasroniy va druzlarni tinch qo’yishmaydi, degan xavotirlar quloqqa chalinadi.

Muxolifatga ko’ra, Suriya hukumati g’alayonni radikal sunniylar qo’zg’oloni deb tasvirlaydi va alaviylarni kurashishga da’vat etib kelmoqda.

Turkiya chegarasidagi Antakya shahri etnik jihatdan juda boy. Bozorda hamma qo’shni Suriyada nimalar bo’layotganini muhokama qilish bilan band.

Ziravorlar sotayotgan Servet Duzgun fikricha, Suriya mojarosiga o’tin tashlab turgan aynan Turkiyadir.

“Men o’zim alaviyman. Lekin muhimi din emas, insoniy qadriyatlar-ku axir”, - deydi u.

Ko’hna bozorda sotuvchilarning bari bir narsadan shikoyat qiladi: Suriyada qo’zg’olon boshlanganidan beri savdo o’lgan, mijozlar kam. Chunki suriyaliklar Antakya shahriga kelmay qo’ydi, chegara yopiq.

Toir Abbud alaviylardan bo’lsa-da, Suriyada uzoq yillardan buyon faollik qiladi, tizimni isloh qilishga chaqirib keladi.

“O’zimizdan bo’la turib bizga qarshi chiqayapsanmi, deb meni sotqinlikda ayblashgan. Bir necha oy qamoqda yotdim, qiynoqqa solishdi. Arang Turkiyaga qochdim, lekin yaqinlarim hamon Suriyada”, - deydi faol.

“Inqilobda qatnashayotganlar turli guruh va mazhab vakillari – nasroniylar, alaviylar, druzlar va sunniylar. Bosh ko’targanlarni yanchib tashlash mumkin, lekin mafkurani o’ldirib bo’lmaydi. Hukumat inqilob g’oyasini yo’q qilishga behuda harakat qilmoqda”, - deya qo’shadi Toir Abbud.

Suhbatdoshga ko’ra, Suriya inqilobi e’tiqod tanlamaydi, xalq diktatordan qutulib, ozod o’lkada yashashni istaydi xolos.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG