“Amazon” onlayn do'koni bosh qarorgohi Vashington shtatining eng katta shahri Sietlda. 2018-yil oxirida “Amazon” Nyu-York va Virjiniya shtatlarida ham ofis ochmoqchi. Joy tanlashga esa ancha vaqt ketdi. Bu qarorgohlar ishga tushishiga hali bir necha oy bor. Shunga qaramasdan, bosh qarorgohda esa ishlar qizg’in.
Innovatsion texnologiyalar dunyosidagi ilg’or kompaniyalarning ko’pi shahar atrofiga joylashadi. “Amazon”ning bosh qarorgohi boshqalardan farqli, Sietl shahrining qoq o’rtasida qad ko’targan. Bino nafaqat markazda joylashgani, balki, ajoyib arxitekturasi bilan ham o’ziga xos. Ishchilar oyna bilan qoplangan yashillikka burkangan gumbaz ostida ishlaydi.
“Ko’plab ilmiy tadqiqotlar tabiat, yashillik qurshovida miya samaraliroq ishlashini ko’rsatgan. Menimcha ham, bunday muhitda yaratuvchanlikka moyillik kuchayadi. So’lim joyda ishlash imkonini berganimizdan xursandman. Shuningdek, ishchilarimiz o’simliklar dunyosi haqida ham o’rganadi”, - deydi “Amazon” kompaniyasi vakili Allison Fliker.
Bu yerda dunyoning 50 davlatidan keltirilgan 40 mingdan ortiq turdagi o’simliklar bor. ”Amazon”ning yig’ilishlari ba’zan qush uyasi kabi qurilgan kabinetda yoki kakao daraxti tagida o’tadi.
“Muhitga o’rganishim biroz vaqt oldi. Lekin erkinlik his qilaman, ilhom chaqiradi, menga yoqadi. Stolsiz ofis sharoitida birinchi bor ishlashim. Ishga erta kelganlar xohlagan joyiga qo’nib ishlayveradi, joylar taqsimlanmagan”, - deydi “Amazon”ning harbiy dasturlar menejeri Tim Bomki.
Binoning an’anaviy ofislari joylashgan xonalari ham keng, katta, joy ko’p. Masalan, kompyuter xonalaridan birida yerda qurilgan shaxmat, yoki stol sporti o’yinlarini o’ynashga imkon bor. Shaxsiy ishlaringizni holi gaplashish uchun telefon butkachalar qo’yilgan. Ham ishlab ham televizor ko’rish mumkin, kattagina kinozal ham bor.
Aravachadagi banan ishchilarga tekin. Bunday sharoitdan nafaqat ishchilar, ularning itlari ham xursand. Har kuni egasiga ergashib olti mingga yaqin it “ishga” keladi.
“Zo’rku, charchoqni oladi. Ish paytida kelib itimdam xabar olib ketaman. Ba’zan odamlar ish bilan emas, itimni ko’rish uchun oldimga keladi”, - deydi “Amazon” ishchisilaridan biri Emi Zavoyskiy.
Bleyk Ferrining iti deyarli ishxonada katta bo’lyapti.
“Bir haftaligidayoq olib kelardim. Biroz qiynalardik, lekin itim odamlar qurshovida bo’lishni istardi, shu bilan ko’nikib ketdi”, - deydi u.
Virjiniya va Nyu-Yorkdagi ofislar dizayni qanday bo’lishi hali noma’lum. Lekin yangi binolardagi sharoit ham bosh qarorgohnikidan kam bo’lmasligi tayin.
Facebook Forum