Qo’shma Shtatlarda amishlar degan bir g’aroyib jamoa yashaydi. Ular o’zlarini eng oddiy va kamtarin nasroniylar deb biladi. Jamoa tarixi 17-asrga, Shveytzariyaga borib taqaladi. Jekob Amman ismli ruhoniy yangi oqimga asos soladi va unga ergashganlar amishlar deya nom oladi. Yevropada tazyiqqa uchragach ular yangi dunyoga, Amerikaga kelib o’rnashadi. Bugun amishlarning katta qismi Pensilvaniya, Indiana va Oxayo shtatlarida istiqomat qiladi. Ular zamonaviy qulayliklar va texnologiyani rad etadi. Asosan dehqonchilik qilib kun kechiradi. Ularning hayoti tabiiyki ko’pchilik uchun qiziq va Amerika telekanallarida ular haqida shoular chiqqan.
Na avtomobil, na boshqa qulayliklar – Pensilvaniya va Ohayodagi 30 ming kishilik bu nasroniy jamoaning kundalik hayoti shu.
O’tmishda ota-bobolari qanday yashagan bo’lsa, bugun ham amishlarning turmush ayni.
Amishlar tarki dunyo qilib, qo’l mehnatidan qochmaydi va ozga shukur qilib yashaydi. Ularga boshqalar qiziqib qaraydi - qanday eplashar ekan?
Mahalliy televideniyeda amishlar haqida shou efirga chiqayapti. “Amish Mafia” dasturi bu jamoaning turmushini go’yoki boricha ko’rsatadi. Taqvodor bu jamoaning sir-asrorlari fosh qilishmoqchi.
Pensilvaniya shtati, Lankaster shahrining gavjum bozorida mana shu shou haqida duv-duv gap. O’zi amish bo’lgan istarali, kulimsirab turadigan Elmer Stolfuz e’tiqodi bois yuzini ko’rsatmadi.
“Sayyohlar ham, mahalliy aholi ham ko’rsatuvni tomosha qiladi, qiziq-da hammaga! Turistlar kelib sen ham amishlar mafiyasidanmisan deb so’rab qoladi ba’zida?”
Rejissyor Mari Xaverstik amishlar huquqlarini himoya qilib keladi. O’zi dindor emas. Lekin bu jamoa haqida yolg’on-yashiq gaplardan to’ygan.
“Diniy guruhning nomini olib, yoniga jinoiy so’zni qo’shib ko’rsatuv ishlash nimasi? G’irt bemaza ishi, butun boshli e’tiqod ahlining izzat-nafsiga tegadi. O’zini hurmat qiladigan telestansiya bunaqa dasturni kiritmay qartarib yuboradi”.
Vashingtonda asoslangan “Discovery Coomunications” kompaniyasi “Amish Mafia” shousini ishlagan. Tashkilot “Amerika Ovozi”ning savollarini javobsiz qoldirdi.
O’tgan dekabr oyida shou mualliflari Lankasterdagi mana bu mehmonxona bilan bog’lanib, bir epizodni shu yerda suratga olmoqchi bo’lgan.
“Dekabrda biznes sust va jindak daromad qilishga tayyormiz doim. Lekin shouning mazmunini bilgandan keyin qiziqishimiz yo’qoldi. Bunaqangi ishga aralashmoqchi emasmiz”.
Sotsiolog Donald Kreybill fikricha, amishlar ham e’tiqodi, ham ishchanligi, ham bekamu-ko’st axloqi bilan ajralib turadi.
“Amishlar avliyo degan qarashni savolga tutuvchi teledastur qiziqish uyg’otishi tabiiy. So’zi ham, yurish-turishi ham joyida bu jamoaning ham aybi bor degan fikr boshqalarga taskin beradi – ana, oyda ham dog’ bor, deganday”.
Amishlar siyosatdan yiroq yuradi. Ulardan ayb qidiruvchi, millionlar tomosha qiluvchi shouga qarshi kurash – o’ta bir murakkab ish.