Breaking News

"Qo'shnilar, o'zbek qardoshlaringizga eshigingizni oching"


Xalqaro Amnistiya Qirg'iziston bilan chegaradosh barcha davlatlarni, xususan O'zbekiston, Tojikiston, Qozog'iston va Xitoyni o'zbek qochqinlarni bag'riga olishga chaqirmoqda.

Londonda asoslangan huquq tashkiloti besh kundan beri davom etayotgan mojarolar oqibatida kamida minglab insonlar boshpanasiz, xor va och-nahor bir holatda najot so'rab turganiga diqqatni qaratmoqda.

O'sh va Jalolobod hamon tahlika maydoni. Jinoyatchi to'dalar, asosan qirg'iz yoshlaridan iborat qurollangan guruhlar ko'chalarni kezib, o'zbeklarni qidirayotgani, xonadonlarga o't qo'yib, mol-mulkni talon-taroj qilayotgani ma'lum.

BMT Qochqinlar agentligi hisobicha 275 ming kishi uy-joyini tark etgan.

Xalqaro Amnistiya hisobicha, 100 mingga yaqin kishi O'zbekiston tomonga yo'nalgan va bu davlat ularni qabul qilib, xalqaro tashkilotlarga insonparvarlik yordami ko'rsatish uchun sharoit yaratib berishi kerak.

"Bu begunoh odamlarning ko'pi hali chegara ochilishini kutib o'tiribdi. Ularga darhol ko'mak ko'rsatish kerak",- deydi tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha vakili Mayzi Weycherding (Maisy Weicherding).

"Oziq-ovqat, suv, boshpana, tibbiy yordam va boshqa zaruriyatlar haqida gap ketmoqda. Hamma yordamga muhtoj va ularning xavfsizligi ta'minlanishi kerak",- deydi u.

Xalqaro Amnistiya yana bir muhim masalani ko'tarib chiqmoqda. O'zbekistondagi siyosiy tuzumdan qochib, Qirg'izistonga o'tgan va u yerda boshpana so'ragan ko'plab shaxslar bugungi notinchlik sabab yana vatanga qaytgan bo'lishi mumkin.

"Amerika Ovozi" olgan ma'lumotlarga ko'ra, O'sh va Jaloloboddan bir necha o'zbekistonlik, Karimov ma'muriyati tomonidan tazyiqqa olinib chiqib ketgan fuqarolar, hozir yana yurtida.

Xalqaro Amnistiya ular qaytsa, hayoti xavf ostida bo'lishi aniq deya ogohlantirmoqda.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Abdulaziz Komilov bugun Toshkentda o'tgan brifingda Andijon viloyatidan panoh topgan qirg'izistonlik o'zbeklar soni 75 ming ekanini qayd etgan.

"Interfaks" axborot agentligining xabar berishicha, rasmiy bu qochqinlarga beg'araz ko'mak ko'rsatish uchun bir yarim milliard so'm, ya'ni 940 mind dollar sarflanganini eslatgan.

Komilov O'zbekiston tashqi dunyodan, jumladan, BMT organlaridan insonparvarlik yordami kutayotganini aytgan. Uning fikricha, Qirg'iziston janubidagi fojialar aslida avvaldan rejalangan va uyushtirilgan voqealar bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG