Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti o’zining 5-dekabrda chop etilgan hisobotida Isroilning G’azodagi urushini falastinliklarga qarshi qatliom deb atadi.
Hisobot tashkilot mtaxassislarining oylab davomida o’tkazgan tadqiqoti va tergovi, guvohlar bilan ko’plab suhbatlari, dalillarning raqamli va vizual tahlili, Isroil rasmiylari va harbiylarining bayonotlari asosida tayyorlangan.
Hisobotda aytilishicha, Isroil 1948-yilda qabul qilingan Genotsid haqidagi konvensiyada man qilingan beshta harakatdan kamida uchtasiga qo’l urgan – tinch aholini tartibsiz o’ldirish, unga jismoniy va ruhiy zarar yetkazish, falastinliklarni jismonan yo’q qilish uchun G’azoda tegishli sharoit yaratish kabilarga.
Tashkilot bosh kotibasi Anyes Kallamarning aytishicha, Isroil falastinliklarni odam o’rnida ko’rmaydi, ularni huquqlaridan, qadr-qimmatidan ayirib keladi.
Iyul oyida Xalqaro adliya sudi Isroilni falastinliklarga qarshi irqchilikda ayblab, uning bosib olingan hududlarga kirganini noqonuniy deb xulosa chiqardi.
O’tgan oy esa Xalqaro jinoiy sud Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni G’azoda insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, ularni hibsga olishni buyurdi.
Isroil inson huquqlari yoki xalqaro huquqiy tashkilotlar ayblovlarining hech birini tan olmaydi, barchasini uydirma deb ko’radi.
G’azoliklar “Xalqaro Amnistiya” hisobotini olqishlamoqda.
Falastinliklarning qirg’inida qo’li borligini inkor etib kelayotgan Isroil chorshanba kuni sektorni o’qqa tutib, kamida 47 odamning o’limiga sabab bo’ldi.
17 nafari Xon-Yunusdagi al-Mavasi qochqinlar lageriga havo hujumida halok bo’ldi.
"Portlash juda katta va qo’rqinchli bo’ldi. Hamma joy olovli sharga aylandi. Portlash to’lqini men va o’g’limni chetga otdi. Tashqariga qochib chiqdik”, - deydi Abu Kamol Assar ismli bir odam.
Chorshanba kuni AQShning keyingi prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff Qatar va Isroilga bordi, davlat rahbarlari bilan uchrashdi.
Tramp prezidentlik muddati tugayotgan Jo Bayden ma’muriyatining 14 oy davomida qo’lidan kelmagan ishni amalga oshirishga, ya’ni XAMAS va Isroilni otashkesimga kelishishga ko’ndirishga umid qilmoqda.
Shu bilan birga, Tramp XAMAS garovga olgan isroilliklarni ozod etish masalasida muzokara olib borishni Adam Bolerga yukladi. Boler 2020-yilda Isroilni bir necha arab mamlakati bilan yarashtirishga qaratilgan muzokaralarda faol bo’lgan, Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida Tolibon bilan muloqot olib borgan.