Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, o’tgan bir yilda dunyo bo’ylab ro’y bergan voqealar erkinlik va adolat talabi zulm va repressiyani yenga olishini namoyish etmoqda.
Mas’uliyat, oshkoralik va tenglikka asoslanmagan tuzumlarga ortiq toqat yo’q, deydi faollar.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti 155 mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni sarhisob qilib, o’zining 50-hisobotini chop etdi. Unda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi epsiz bir organga aylanib qolgani alohida qayd etiladi.
Millionlab odamlar o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, haq-huquqlarini talab qilib ko’chaga chiqayotgan bir paytda, besh doimiy a’zodan iborat Xavfsizlik Kengashi unga topshirilgan vazifalarni bajara olmayapti.Buni, xususan, Suriya misolida yaqqol ko’rish mumkin, deydi Xalqaro Amnistiya Bosh kotibi Salil Shetti.
“Rossiya va Xitoy o’zlarining tijoriy va harbiy manfaatlarini ustun qo’yib, Suriyaga doir rezolyutsiyalar ovozdan o’tishiga yo’l bermadi. Misr haqida gap ketganda Qo’shma Shtatlar, Tunis muhokamaga qo’yilganda Fransiya ham xuddi shunday yo’l tutgan. Ko’rinib turibdiki, kengashning doimiy a’zolari veto huquqini suiiste’mol qilmoqda. Bunga chek qo’yilishi kerak”, - deydi guruh rahbari.
Talab shuki, BMTni tubdan isloh qilish vaqti yetgan. Xavfsizlik Kengashi a’zolari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi ittifoqchilarini ne bo’lmasin himoya qilish, regionda o’z nufuzlarini saqlab qolish g’amida, deyiladi Xalqaro Amnistiya hisobotida.
Har yili erkinlik buzg’unchilari ro’yxatidan joy oluvchi O’zbekiston va Turkmanistonda katta o’zgarishlar sezilmaydi. Ikki faol, Norboy Xoljigitov va Yusuf Juma, muddatidan erta ozod etilgani ijobiy hol, ammo o’nlab boshqa huquq himoyachilari uzoq yillik qamoq jazosini o’tamoqda.Xalqaro Amnistiya O’zbekiston hibsxonalarida mahbuslar uchun sharoitni yaxshilashga doir chora-tadbirlar tatbiq etilganiga e’tibor qaratadi, lekin qonunlar ijrosi sust ekani bois asirlarni qiynash va azoblash hollari davom etmoqda.
O’tgan yil mobaynida mamlakatda so’z erkinligi bilan bog’liq ahvol yanada og’irlashgan, fuqaro tinch namoyish o’tkazish huquqidan mahrum.
AQSh va Yevropa Ittifoqidan rasmiy Toshkent bilan muzokaralarda inson huquqlarini hamkorlik shartlaridan biri deb belgilash so’raladi.
Rossiya va Xitoy ham namoyishlarni bostirish uchun xavfsizlik kuchlaridan keng foydalanayotgan davlatlar qatoridan o’rin olgan.