Breaking News

Turkiya-Rossiya munosabatlari yana sovuqlashyaptimi?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (markazda) Turkiyada o'ldirilgan Rossiya elchisi Andrey Karlovning dafn marosimida, 22-dekabr, 2016-yil.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (markazda) Turkiyada o'ldirilgan Rossiya elchisi Andrey Karlovning dafn marosimida, 22-dekabr, 2016-yil.

Moskvaning Suriya kurdlariga qarashli Demokratik ittifoq partiyasi bilan aloqani kuchaytirayotgani Turkiya va Rossiya munosabatlariga soya solmoqda. Anqara bu guruhni terrorchi tashkilot deb biladi.

Moskva bugun kurdlar masalasiga oid anjumanga mezbonlik qilmoqda. Unga Suriya kurdlari ham taklif qilingan. Anqara nazarida, bu guruh terrorchi tashkilot bo'lib, taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasiga aloqador.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kurdlarning Demokratik ittifoq partiyasini Qozog'istonda kechgan uchrashuv tafsilotlari bo'yicha ma'lumot berish uchun Moskvaga taklif qilgan edi. Anqara noroziligi bilan guruh Ostonada va Jenevada o'tgan muloqotlarda qatnasha olmagan.

Bryusseldagi Karnegi jamg'armasi tadqiqotchisi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara Moskvaning bunday harakatlaridan xavotirda.

"Agar Anqara Rossiya kurdlarga yordam beryapti, deb xulosa qilsa, bu narsa Moskvaga qaratilgan yondashuvga zarar yetkazadi", - deydi u.

Moskva kelajakdagi Suriyada markazlashmagan hokimiyat bo'lishi tarafdori. Anqara esa bunga qarshi. Bunday boshqaruv uslubi kurdlarga ko'proq mustaqillik berishi mumkin.

2015-yil noyabrda Rossiya harbiy samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilgandan beri so'nggi oylarda Anqara va Moskva aloqalarni qayta tiklash yo'liga o'tgan edi.

Xalqaro aloqalar bo'yicha mutaxassis Soli O'zel fikricha, so'ngi o'zgarishlar munosabatlar silliq kechmayotganidan darak beradi.

"Mening qarashim shundayki, Turkiya yaqinlashishni istayapti va Rossiya buni qabul qilyapti. Lekin bu tenglar munosabati emas. Turkiya Rossiya qilgan barcha ishlarni e'tirozsiz qabul qilyapti", - deydi u.

Ikki davlat Suriyadagi sulh bo'yicha hamkorlik qilmoqda. Anqara bu orqali Suriyadagi ta'sirini oshirish payida. Ayni paytda Rossiya bilan yaqinlik G'arbga qarshi qurol vazifasini o'taydi.

O'tgan yil dekabrda Anqarada Rossiya elchisi o'ldirilgandan keyin ham Moskva Turkiya bilan yaqinlashish jarayonini to'xtatmadi.

Siyosiy tahlilchi Attila Yeshiladaning ogohlantirishicha, Rossiyadan ehtiyot bo'lish kerak.

"Rossiya xotirasida ko'p narsani saqlaydi. Qiruvchi samolyotining urib tushirilganini yoki elchisining poytaxt markazida otib o'ldirilganini hech qachon unutmaydi. U Turkiyani Yaqin Sharqdagi maqsadlari yo'lida qurol sifatida ko'radi", - deydi tahlilchi.

O'tgan hafta Suriyadagi Rossiya havo hujumida uch turk askarining halok bo'lishi Turkiya-Rossiya aloqalariga yana bir zarba bo'ldi. Anqara hodisani "Islomiy davlat"ga qarshi kurashdagi baxtsiz hodisa deb qabul qildi.

Turkiyaning hukumatga moyil matbuoti ham yuz bergan voqeani tanqid qilishdan o'zini tiydi.

Ammo Moskvaning Suriya kurdlarini himoya qilishda davom etishi Anqara bilan aloqalarni yanada chigallashtirishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG