Breaking News

Turkiya Kurdiston mustaqilligiga qarshi lekin hamkor


Iroq Kurdistoni bozorlarida
Iroq Kurdistoni bozorlarida

Iroq Kurdistoni mustaqillik uchun intilar ekan, qo'shni Turkiya hukumati bu jarayonga ulkan tahdid sifatida qarab, o'z kurd aholisi uchun bunday imkoniyat eshigini yopishga urinmoqda.

"Iroqda bu borada referendum o'tkazish qaroridan afsusdamiz", - deydi Turkiya rahbari Rajab Toyyip Erdog'an.

"Kurdiston mustaqilligi Iroq hududiy birligini buzadi", - deydi prezident.

Erdog'an Kurdistonni uzoq yillardan beri boshqarib kelayotgan Mas'ud Barzaniy bilan til topisha olgan. Kurdiston bir necha yildan buyon muxtoriyatdir. Hozirga kelib Kurdiston va Turkiya orasida iqtisodiy va siyosiy rishtalar o'rnatilgan.

Turk siyosatdonlari nazarida Anqara Kurdiston baribir bu yo'ldan to'xtamasligini biladi va jarayonni to'xtata olmaydi. Kurdiston ahli mustaqillik uchun ovoz bersa, zamonaviy tarixda ilk bor kurdlar o'z davlatiga ega bo'lishi mumkin. Iroq, Eron, Turkiya va Suriyada katta sonni tashkil etadigan bu elat o'z taqdirini o'zi qilishga harakat qilib keladi va mustaqillik uning uchun haqiqiy g'alaba bo'lishi muqarrar.

Turkiya rahbari Rajab Toyyip Erdog'an Iroq Kurdistoni rahbari Mas'ud Barzaniy bilan, Anqara, 2016
Turkiya rahbari Rajab Toyyip Erdog'an Iroq Kurdistoni rahbari Mas'ud Barzaniy bilan, Anqara, 2016

Kurdiston o'z yonilg'i boyliklarini jahon bozoriga chiqarishda Turkiyaga tayanadi. Quvurlar O'rta dengiz bo'yidagi Jeyhan portidan o'tadi.

"Neft va gazni eksport qilish uchun kurdlar Anqara bilan ishlashga majbur", - Sinan Ulgen, Belgiyada faoliyat yurituvchi turk tahlilchi.

"Birgina referendum bilan mustaqillikka erisha olmaysiz", - deydi Ulgen. "Kurdlar muntazam ravishda bir yoqadan bosh chiqarib, oldinga siljishi kerak. Qo'shnilarga ishonchli sherik bo'la olishi lozim".

Referendum 25-sentabrda o'tishi kutilmoqda. Kirkuk, Iroqning neftga boy shahri ham Kurdistonning bir qismi bo'lishi uchun harakat avjida.

"Iroq bosh qomusiga ko'ra, Kirkuk hozirgi Kurdistonga tegishli emas", - deydi Ibrohim Kalin, Anqara rasmiysi. "Kirkukni kuch bilan o'zingizga qo'sha olmaysiz. Mojaro keskin kechishi tayin".

Kirkukni kurdlar bo'lajak poytaxt sifatida orzu qiladi. Lekin uni bu yerda qadimdan yashab kelgan turkmanlar ham o'z yeri deb hisoblaydi.

Turkiya kurd milliy harakati to'xtatishini istaydi. Kirkukni turkiy elat bo'lmish turkmanlar da'vo qilayotgani Anqara uchun ijobiy hol va bu borada uni quvvatlaydi. Biroq, deydi tahlilchilar, Turkiya hukumati konkret qadamlar tashlashga shoshmayapti.

Xurmala neft qazish inshooti, Kurdiston, Iroq
Xurmala neft qazish inshooti, Kurdiston, Iroq

Neft ta'minoti joyida. Kurdiston va Turkiya uchun bu daromadbop hamkorlik.

"2008-yildan beri shakllangan sheriklik kurdlarni kuch berdi, turklarga esa mo'may pul", - deydi ekspert Ulgen. "Barzaniy Anqara ishonadigan rahbar".

Vatanida kurd milliy harakatiga bolta urish bilan band Erdog'an Kurdiston lideri bilan hamnafas ekani Iroqda ko'plab kurdlarga yoqadi. Barzaniy Kurdiston mustaqilligi qo'shni yurtlarning suverenitetiga tahdid emas, deb keladi. Biroq bu mustaqillik u mamlakatlardagi kurdlarni ilhomlantirishini tan oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG