Breaking News

AQSh Suriya kurdlarini qurollantiradi


Suriyadagi kurd mudofaa kuchlari
Suriyadagi kurd mudofaa kuchlari

Prezident Donald Tramp Suriya kurdlarini qurollantirish haqida yangi rejani ma'qulladi. Unga ko'ra, kurdlar va arablardan iborat Suriya Demokratik kuchlari "Islomiy davlat"ga qarashli Raqqa shahrini egallash amaliyotida qatnashadi. Turkiya bu guruhni terrorchi tashkilot deb biladi va AQShning bu qaroridan norozi.

"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, Trampning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi general-leytenant H.R. Makmaster Vashingtonga tashrif buyurayotgan turk delegatsiyasiga bu haqda xabar bergan.

Amerika rasmiylarining aytishicha, qurol-yarog' va o'q-dori cheklangan miqdorda beriladi va Raqqa qo'lga olingandan keyin ortiqchasi qaytarib olinadi.

Pentagonga ko'ra, amaliyotni kurdlar emas, arablar boshqaradi va Raqqa shahri nazorati ham arablarga topshiriladi. Suriya kurdlari rasmiysi Ilhom Ahmed AQSh qarorini kurdlar guruhiga qonuniy maqom beruvchi qadam deya olqishladi.

Turkiya Suriyadagi kurdlar ta'sirining kuchayayotganidan xavotirda. Anqaraga ko'ra, ular Turkiyadagi terrorchi Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan hamkorlik qiladi.

O'tgan oy turk harbiy samolyotlari Suriya va Iroqdagi kurd manzillarini o'qqa tutgan edi. Yaqin Sharqdagi AQSh qo'mondoni general Jozef Votelning aytishicha, G'arbga qarshi terror amaliyotlari rejalanishini yo'qqa chiqarish uchun Raqqa shahrini "Islomiy davlat" guruhidan tozalash muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG