Amerika va Turkiya rahbarlari kelasi oy Vashingtonda uchrashadi. Anqara bu ma'lumotni tasdiqlab, Prezident Rajab Toyyip Erdog'an Oq uyda mehmon bo'lishini bildirdi. Prezident Donald Tramp hafta boshida Turkiya rahbarini 16-aprel kungi referendum natijasi bilan qutlagan edi.
Muloqot 16-17 may kunlari o'tadi. Erdog'an deydiki, prezidentlar AQSh-Turkiya hamkorligining yangi sahifasini ochadi.
May oxiriga borib Belgiyada NATO sammiti kechadi. Turkiya bu tashkilotga a'zo yagona musulmon davlatidir.
AQSh rahbari Anqarani referendum bilan tabriklagani Yevropa Ittifoqini xavotirga solgan, chunki blok a'zolari nazarida Turkiya demokratiyadan chekinib, yakkahokimlik tomon ketmoqda. Referendum natijasida prezidentning vakolati kengayadi, parlament roli pasayadi.
Avtoritar tuzumga o'tayapmiz, deya bong urmoqda turk muxolifati. Referendum natijasini savol ostiga olayotgan va ovozlarning katta qismini qayta sanab chiqishni talab qilayotgan oppozitsiya sudga arz qilishi mumkin. Erdog'an deydiki, xalq o'z xohishini bildirdi va natijani tan olish zarur.
Barak Obama prezidentligi davrida AQSh-Turkiya aloqalari susaydi. Suriyadagi urush, Amerika roli va Turkiya aralashuvi chigallashib, tomonlar orasida muloqot salbiylashgan edi.
Erdog'an Amerikada yashaydigan turk peshvosi Fathulla Gulenni uni hokimiyatdan ag'darishga uringanlikda ayblaydi. Gulen Anqaraga topshirilishi kerak, deydi Turkiya rahbari. Vashington esa buni rad etib keladi.
O'tgan oy AQSh Davla kotibi Reks Tillerson bu mamlakatga safar qildi. Suriyada tinchlikka erishishda va "Islomiy davlat" terror guruhini yo'q qilishda Turkiya katta ahamiyat kasb etadi, deydi u.
Vashington kurd jangarilarini quvvatlab kelayotgani Anqaraga ma'qul emas, chunki Turkiyada kurdlar azaldan kuchli muxtoriyat uchun kurashib keladi.
Lekin Erdog'an Suriyada Bashar al-Assad prezidentlikdan ketishi kerak deb hisoblaydi va bu borada AQSh bilan hamfikr. Assad, uning fikricha, o'z xalqining qotili. Uni jazolash kerak, deydi u, yaqinda Amerika Suriyaning yirik aerodromini havodan nishonga olganini olqishlar ekan.