Prezident Donald Tramp Suriyaning qonxo'r hukumatiga qarashli harbiy inshootni havodan vayron qilishni buyurgani to'g'ri qaror, deydi Kongress a'zolari. Qonunchilar nazarida, bu missiya aniq va ravshan. Maqsadga erishildi. Biroq yangi harbiy choralar ko'rish uchun prezident qonunchilardan ruxsat olishi shart. Bosh qomus shuni talab qiladi.
Respublikachilar, kutilganidek, prezident tomonida. Demokrat yetakchilar ham kechagi havo hujumlarini ma'qul qaror deya baholagan. Senatda demokratlar sardori Chak Shumer va Vakillar Palatasidagi lider Nensi Pelosi deydiki, Suriya diktatori Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak va Amerika unga o'z xalqini ortiq azoblashga yo'l bermaydi.
Assad Idlib viloyatida shu hafta unga qarshi kurashayotgan aholiga nisbatan man etilgan kimyoviy qurollarni ishga solganlikda ayblanmoqda. 72 kishi o'lgan, jumladan bolalar.
Britaniya, Saudiya Arabistoni va Turkiya Tramp qarorini olqishladi. AQSh Idlibdagi vahshiyliklarni amalga oshirgan harbiy vositalar joylashgan aerodromni nishonga oldi. Yetti kishi halok bo'lgan. Ular orasida bir general va uch zobit bo'lgan.
Suriya ittifoqchisi Rossiya AQShni suveren davlatga hujum qilib, xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblamoqda. Kreml Vashingtonning Suriyaga nisbatan har bir qadamini qoralab, oradagi harbiy kelishuvni, ya'ni bir-birini o'qqa olmaslik bitimini bekor qilgan.
Republikachi senator Rend Pol fikricha Amerika bu mojaroga va umuman, Yaqin Sharqdagi azaldan chigal vaziyatga bosh suqmasligi kerak.
"Hech qanday foyda ko'rmaymiz", - deydi u.
Pol ham prezidentni Kongress iznisiz urush boshlamaslikka chaqirmoqda.