Breaking News

Tahlil: Ayol haqlari e'zozlanmagan jamiyatlar "arab bahori"ni boy berdi


Professor Lindbergning aytishicha, “arab bahori”ni boshidan kechirgan mamlakatlar orasida Tunis yolg’iz ijobiy bir misol bo’la oladi. Suratda tunislik qizlar "arab bahori"ning besh yilligini nishonlamoqda. Tunis, 14-yanvar, 2016-yil.
Professor Lindbergning aytishicha, “arab bahori”ni boshidan kechirgan mamlakatlar orasida Tunis yolg’iz ijobiy bir misol bo’la oladi. Suratda tunislik qizlar "arab bahori"ning besh yilligini nishonlamoqda. Tunis, 14-yanvar, 2016-yil.

“Arab bahori” ro’y bergan davlatlarning ko’pida demokratik va ijtimoiy islohotlar amalga oshmadi. Yevropadagi jurnalda chop etilgan oxirgi izlanishda aytilishicha, bu o’lkalarda ayollar huquqlari e’zozlanmagani buning sabablaridan biri bo’lishi mumkin.

Tarixdan ayonki, konstitutsion huquqlar real voqelikka aylanishi uchun avvalo ayol va erkaklarning fuqaroviy huquqlari birday hurmat qilinishi kerak. So’z va harakat erkinligi, mulkka egalik huquqi va erkin mehnat qila olish kabilar shular jumlasidan.

"Yevropa siyosiy tadqiqotlar jurnali" o’tkazgan oxirgi izlanishga ko’ra, “arab bahori” ro’y bergan aksariyat davlatlarda ayollarga bunday huquqlar yetarlicha havola qilinmagan. Tahlilni Shvetsiyaning Demokratiya instituti nomli tashkiloti, Gotenborg Universiteti va AQShdagi Notr-Dam Universiteti o’tkazdi.

Siyosiy fanlar bo’yicha professor Staffan Lindberg:

Demokratiya Instituti yirik xalqaro tadqiqot jamiyatidir. Aksariyati Amerikada joylashgan 20 dan oshiq universitetlarni jamlaydi. Biz har xil davlatlarda demokratik jarayonlarni tahlil qilamiz.

Olimlar 1900 va 2012-yillar orasida 177 o’lkada demokratiyaning ahvolini izchil o’rgandi. Ular evolyutsion biologiya tamoyillari asosida xulosa qildilar.

“Natijada avval hech kim ko’rmagan omilni aniqladik. Ya’ni demokratiya tom ma’noda kamol topishi uchun ham ayol, ham erkaklarga teng fuqaroviy huquqlar havola qilinishi kerak ekan”, - deydi professor.

Ammo Lindbergning aytishicha, avtoritar rahbarlar ko’p hollarda ayollarni xavf deb bilib, ularning huquqlarini cheklaydi.

“Jamiyatdagi ayollar mamlakatning siyosiy, ijtimoiy hayotida to’laqonli qatnashishi, so’z va uyushish erkinligidan mahrum qilinsa, avtokratik hukumatlarga qarshi norozilik bildiradigan, isyon ko’tarishga qodir insonlar yarimlab qoladi”, - deydi olim.

Professor ayollarning demokratik islohotlarda muhim roliga misollar keltiradi.

“Braziliya, Chili, Peruda 1980-yillarda demokratik o’zgarishlarni talab qilgan tashkilotlar orasida ayollarning tashabbuslari kattagina edi. Braziliya va Chilidagi harbiy avtokratik yetakchilar xotin-qizlarni haqiqatda xavf deb ko’rmagan. Ularni o’z holiga tashlab qo’yilshgan va natijada ayollar harbiy rejimlarga qarshi kurashning bosh qatnashchilariga aylangan. Afrikaning Siyerra-Leone va Gvineya kabi davlatlarida ham ayni holat kuzatilgan”, - deydi mutaxassis.

Erkaklar ko’proq xavf-xatar kasb etadi deya politsiya tomonidan ushlangan, kaltaklangan.

Professor Lindbergning aytishicha, “arab bahori”ni boshidan kechirgan mamlakatlar orasida Tunis yolg’iz ijobiy bir misol bo’la oladi.

“Kelasi 10 yilda nima bo’lishini aytish qiyin. Ammo hozircha Tunis hammadan oldinda. Bu mamlakatda ayollar 1950-yillardayoq anchayin haqqini tanigan. Mulkka egalik, uyushmalar tuzish kabi huquqlardan teng foydalangan”, - deydi professor Lindberg.

Marokash va Jazoirdaham, deydi ekspert, o’zgarish nishonalari sezila boshlagan.

Demokratiya sekin-asta davom etadigan jarayon. Lindberg deydiki, bunga ba’zida 25 yil ketishi mumkin, yutuqlar boy berilishi hech gapmas. Ammo jarayon sekin ekan deb tushkunliikka tushmaslik kerak, zero tez, radikal o’zgarishlarni saqlab qolish ham mushkul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG