Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika aholisi uchun eng dolzarb maqsadlar - ishsizlikni kamaytirish, ijtimoiy adolatga erishish va xavfsizlikni ta’minlash. Arab bahoridan besh yil o’tib odamlar hamon shunga umid qilmoqda. Yangi tadqiqotga ko’ra, agar Yevropa Ittifoqi qochqinlar va muhojirlar oqimini kamaytirib, mintaqaning barqarorlashishini istasa, o’zining arab mamlakatlariga nisbatan siyosatini o’zgartirishi kerak.
Yevropa Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalari tinchlanishi, migratsiya oqimi kamayishida katta rol o’ynashi mumkin. Buning uchun siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy adolatsizlikka qarshi kurashni nazarda tutadigan siyosat yuritilishi kerak. Yevropa Komissiyasi mablag’i yordamida amalga oshirilgan va Bryusselda taqdim etilgan "Arab o’zgarishi" loyihasi xulosalari aynan shunday.
Loyiha direktori Andrea Tetining aytishicha, Yevropa Ittifoqi siyosati muammo ildizlarini nishonga olmaydi va shu bois mintaqani yanada beqaror qilishi mumkin.
“Odatda aksil-terror operatsiyalari, ichki xavfsizlik va migratsiya masalasi ustuvor deb hisoblanadi. Ammo ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikni yo’q qilishga e’tibor berilmaydi. Odamlarga siyosatda faolroq ishtirok etish imkoniyatlari yaratilmayapti”, - deydi u.
2011-yilda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi qator davlatlarda aholi ishsizlik, samarasiz hokimiyat, ijtimoiy adolatsizlikdan norozilik bildirib, ko’chalarga chiqdi. Oqibatda hukumatlar ag’darildi, ammo “arab bahori” nomini olgan inqiloblardan besh yil o’tib ko’pgina mamlakatlarda siyosiy va iqtisody vaziyat yaxshilanganicha yo’q.
Tetining aytishicha, Yevropa Ittifoqining inson huquqlari va demokratiyaga urg’u berishini tushunsa bo’ladi, ammo Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning turli so’rovlarda qatnashgan aholisi Yevropa Ittifoqi boshqa sohalarda yordam berishini istaydi.
“Ijtimoiy adolat va iqtisodiy huquqlarga yetarli e’tibor berilmaydi. E’tibor savdo bitimlariga va yordam ajratishga qaratiladi. Ammo Yaqin Sharq aholisi bu savdo bitimlarini muammo deb hisoblaydi, chunki ularning amal qilishi oqibatida tengsilzik kuchayadi, boylar boyib, kambag’allar kambag’allashadi,” - deydi u.
Yevropa Ittifoqi hozir arab mamlakatlaridan oqib kelayotgan qochqinlar muammosi bilan ro’baro’ kelmoqda. Yevropa ahlining ularga munosabati yomonlashyapti. Shunga qaramay, minglab odamlar O’rta dengiz orqali Yevropaga o’tishga intilmoqda.
Shu yil boshida Yevropa Ittifoqi qit’aga kelayotgan qochqinlarni kamaytirish evaziga Turkiyaga milliardlab dollar yordam pulini ajratishga rozi bo’ldi. Germaniya Kansleri Angela Merkel Shimoliy Afrika mamlakatlari bilan ham shunga o’xshash kelishuvga erishish niyatida.
Arab o’zgarishi loyihasi so’rovlari Marokash, Tunis, Jazoir, Liviya, Misr, Iordaniya va Iroqda o’tkazildi.