Vashingtondagi muhtasham muzey yaqinda butun to’plamini onlayn holda havola qildi. Osiyo hamda Amerika san’atining nodir namunalarini endi global tarmoqda sinchiklab o’rganib tomosha qilish mumkin.
40 ming asarning aksariyatini tomoshabin birinchi bor ko’rmoqda va yuqori sifatli tasvirlarning ko’pini bepul ko’chirib olsa bo’ladi.
Bu san’at asarlari madaniy va tarixiy jihatdan bebaho.
Xitoy chinnisi va islomiy san’at namunalari, Erondan nodir asarlar, Misr va Osiyodan haykallar, zamonaviy san’at asarlari va suratlar…
Bularning hammasi bugun internetga joylandi. Vashingtondagi Smitson muzeylaridan Frier va Sakler galereyalari (Freer and Sackler Galleries) uchun yangi sahifa.
40 mingdan ziyod asar raqamli shaklga solindi.
“Xohlagan odam muzey to’plamini tomosha qila olishi muhim”, - deydi Kortni O’Gallagan. U Frier va Sakler galereyalarini raqamli formatga o’tkazishga bosh bo’ldi.
“Bolalar, o’quvchilar, olimlar, san’at ahli Smitson muzeyiga kela olmasa, internetdan bizni topishlari mumkin. Global tarmoqdagi asosiy auditoriyamiz ana shular”, - deydi O’Gallagan.
Jan Styuart Frier va Sakler galereyalarida xitoy san’ati bo’limi uchun mas’ul.
“Izlanishlarni osonlashtiradi bu yangilik. Go’zallik ishqibozlarini ham xursand qilishi shubhasiz. Tarix, sivilisatsiyalarni o’rganaman degan odamlar maza qiladi”, - deydi Styuart.
Minglab buyumlarni suratga va videoga olib, raqamli shaklga solish uchun 15 yil ketdi.
To’qimachilik namunalari, suratlar, haykallaru qadimiy qo’lyozmalar…
Bu usulning yana bir muhim ustunligi – nafis buyumlarni asrab-avaylash osonlashadi.
“Buyumlarni sifatli, batafsil surat holiga keltirib internetga joyladik. Bundan e’tiboran, asarlarni qayta-qayta qo’lga olib joydan-joyga ko’chirishimiz shart emas”, - deydi O’Gallagan.
O’Gallaganning aytishicha, internetda rasm, haykallarni sinchiklab tomosha qilish mumkin. Masalan, galereyadagi mashhur Tovus xonani odam o’zi borib yaxshilab ko’rolmaydi, nim qorong’i-da. Ataylab xonani saqlash uchun shunaqa qilishgan.
Global tarmoqqa joylangan suratda esa muzey asoschisi Charls Lang Frier Misr, Eron, Yaponiya, Xitoy va Koreyadan olib kelgan 250 chinnining hammasini kaftdagiday ko’rasiz.
Asarlar har burchakdan, hamma detallarini ilg’agan holda suratga olingan. Kosmik Budda singari.
“G’aroyib bu haykalga mayda naqshlar solinganki, tomoshabin uni yaxshilab ilg’amaydi. Yangi texnologiya yordamida endi odamlar bu tafsilotlardan xabardor bo’ladi. Hatto rangi, yorug’ligini o’zgartirish mumkin”, - deydi O’Gallagan.
O’Gallaganning aytishicha, muzeylar o’z to’plamlarini internetga joylashi tobora keng tus olib boraveradi. Galereyaga kelgan har bir asar albatta global tarmoqda paydo bo’ladi.