Breaking News

Azimjon Asqarovning advokatlari Oliy Suddan ishni qayta ko'rishni so'ramoqda


Azimjon Asqarov, qirg'izistonlik inson huquqlari faoli
Azimjon Asqarov, qirg'izistonlik inson huquqlari faoli
Qirg'iziston janubida umrbod qamoq jazosiga tortilgan o'zbek faoli Azimjon Asqarovning advokatlari yangi dalillar ayon bo'lishi munosabati bilan ishining qayta ko'rib chiqilishini talab qilmoqda. Ularning aytishicha, 2010-yil iyun oyidagi etnik zo'ravonliklar bo'yicha 100 ga yaqin yangi guvoh sudda ko'rsatma bermoqchi.

Inson huquqlari faoli va jurnalist Azimjon Asqarov o'shanda militsiya xodimlarining hibsdagilarga bo'lgan noqonuniy muomalasiga doir ko'plab material to'plagan edi. Biroq uni Bozor-Qo'rg'onda bir militsionerning o'limida va bir nechtasiga tan jarohati yetkazganlikda ayblashib, Asqarov umrbod qamoqqa mahkum etilgan edi. 2011-yil dekabrida Oliy Sud qarorni o'z kuchida qoldirgan.

"Fuqarolar korrupsiyaga qarshi" inson huquqlari tashkiloti vakili Yevgeniya Krapivinaning aytishicha, ish bo'yicha yangi dalillar bor, uni qayta ko'rib chiqish lozim, ammo prezident nomiga o'tgan yil dekabrida yozilgan xat javobsiz qolgan.

Asqarovning advokatlari fevral va mart oylarida Bozor-Qo'rg'onga borib, mahalliy aholi bilan suhbat qilib, ko'rsatmalarini videoga tushirgan. So'ng materiallarni may oyida Bosh prokuror Aida Salyanovaga topshirgan.

"Ba'zi rasmiyatchiliklardan so'ng Oliy Sud ishni qayta ko'rishga ko'rsatma berishi mumkin", - deydi Krapivina.

Uning aytishicha, janubda asossiz hibsga olishlar davom etayotgani bois odamlar adolatsizliklarga chek qo'yish maqsadida sudda guvohlik qilishga rozilik bergan. Ularning xavfsizligi kafolatansa bas, deydi faol.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG