Breaking News

Assad: Qurollarni topshiraman, lekin kimyoviy hujumga aloqam yo'q


Suriya prezidenti Bashar al-Assad kimyoviy qurollarini xalqaro hamjamiyatga topshirishga rozi, lekin o’tgan oygi kimyoviy hujumga aloqasi borligini qat’iyan inkor etmoqda.

AQSh xulosasiga ko’ra, zaharli gazdan o’shanda Damashq yaqinida 1400 dan ziyod odam o’lgan, jumladan yuzlab bolalar.

BMT olib borgan tekshiruv ham aholiga qarshi zaharli gaz qo’llanganini tasdiqladi.

AQShning “Fox” telekanaliga bergan intervyusida prezident Assad Vashington va Kreml vositachiligida erishilgan bitimga amal qilishini aytdi. Lekin, deya qo’shadi u, kimyoviy qurollardan qutulish uchun bir milliard dollar mablag’ va bir yil vaqt zarur.

Aytish joiz, kimyoviy qurollarni yo’q qilish uchun maxsus inshootlarga faqatgina Rossiya va AQSh ega.

Ayni vaqtda Suriya hukumatini qurolsizlantirish rejasi BMT Xavfsizlik Kengashida hamon muhokama qilinyapti. Assaddan shu hafta oxirigacha qurollar ro’yxatini topshirish talab qilingan.

Assad, shuningdek, 21-avgust kuni G’uta shahrida odamlar zarin gazidan o’lganini tasdiqlovchi BMT hisobotini tanqid qildi.

Xalqaro inspektorlarning vazifasi aybdorni aniqlash emas, balki hujum ro’y berganini tasdiqlashdan iborat edi. G’arb davlatlari nazarida hujumni Assadning armiyasi amalga oshirganiga deyarli shubha yo’q.

Kimyoviy hujum oqibatlari tasvirlangan internetdagi videolar va rasmlar haqida savolga tutilganida, Suriya rahbari ularning ko’pi qalbaki ekanini ta’kidladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG