Breaking News

London sudi Julian Assanj apellyatsiyasini ko’rib chiqdi


Britaniya Oliy sudida “Wikileaks” sahifasining asoschisi Julian Assanjning AQShga ekstraditsiya qilinishiga qarshi apellyatsiyasi ko’rib chiqildi. AQSh tomonidan maxfiy hujjatlarni oshkor etganlikda ayblanayotgan faol Amerika adliyasiga topshirilsa, unga qo’yilgan barcha ayblovlar bo’yicha jazo muddatini qo’shib hisoblaganda u 175 yilgacha qamalishi mumkin.

Xalqaro hayot - 22-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:15 0:00

London sudining qarori kelasi oy e’lon qilinishi kutilmoqda. Assanjning o’zi sog’lig’ining yomonlashgani bois sudga bormadi.

Agar sud Assanj foydasiga qaror chiqarmasa, uning advokatlari Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudiga murojaat qilishi mumkin.

“Assanj advokatlarining sudda aytishicha, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar, suddan tashqari qatl va qiynoqqa solishlar bo’yicha jiddiy ayblovlarga kelganda AQSh va Britaniya o’rtasida ekstraditsiya bo’yicha kelishuv kuchga kirmaydi. Ikkinchidan, ular so’z erkinligiga ishora qilmoqda”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining huquqiy masalalar bo’yicha maslahatchisi Saymon Krauzer.

AQSh hukumati Assanjga jami 18 ta ayblov qo’ygan.

“AQSh tarafining da’vosi shuki, Julian Assanj maxfiy hujjatlarni oshkor etish orqali AQSh milliy xavfsizligi va manbalar xavfsizligini xavf ostiga qo’ygan”, - deydi Krauzer.

2010-yilda internetda tarqatilgan hujjatlar va diplomatik telegrammalar AQShning Afg’oniston va Iroqdagi urushlariga taalluqli bo’lib, Assanj AQSh armiyasining qonunbuzarliklarini fosh etganini da’vo qiladi. AQSh hukumati Assanjni ma’lumotlarni o’g’irlaganlikda ayblarkan, maxfiy hujjatlarda Amerikaga ishlovchi informatorlarning shaxsi oshkor etilganiga va bu ularning hayotini xavf ostiga qo’yganiga ishora qiladi.

2010-yilda Assanj Shvetsiyada jinsiy tajovuz va zo’rlashga qo’l urganlik gumoni bilan Britaniyada hibsga olinadi. Garov puliga ozodlikka chiqqach, Assanj Ekvador elchixonasiga kirib, boshpana so’raydi va yetti yil o’sha yerda yashaydi.

2019-yilda elchixonadan haydalgan Assanj garov kelishuvini buzgani uchun qamoqqa tashlanadi. 2022-yil iyunida esa Britaniya hukumati uni AQShga ekstraditsiya qilishga qaror qiladi.

“Julianga hujum dunyo bo’ylab barcha jurnalistlarga hujumdir. Haqiqatga, jamoatchilikning haqiqatni bilish huquqiga hujum. Julian siyosiy mahbus va uning hayoti xavf ostida”, - deydi uning rafiqasi Stella Assanj.

Faolni ozod etish talabi bilan bir necha mamlakatda namoyishlar bo’lib o’tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG