Breaking News

Chaqaloqlarni o'limdan asrayotgan qutilar


Jahonda har yili qancha bola tashlab ketilishini aniq hech kim bilmaydi. Bunday bolalar ko’p hollarda pana joylarga qo’yib ketiladi, aksariyati nobud bo’ladi. Indianada bir loyiha bunday chaqaloqlarni xavfsiz joyda, bokslarda qoldirish imkonini beradi.

2014-yilning dekabri, sovuq qorli kunda Indianapolisda yangi tug’ilgan chaqaloqning jasadi topildi. Linda Znachkoning xayriya tashkiloti bunday bolalarni dafn etadi. Chaqaloqqa Ameliya Greys Xoup deya ism berishdi. Bola o’lmasligi kerak edi, deydi Znachko.

“Ona ilojsiz bir ahvolda qolgan bo’lsa, bolani boqishga qurbi yetmagan, nima qilarini bilmagan bo’lsa, bizni topib borganida edi, biz chaqaloqni olib qolar edik”, - deydi Znachko.

“Safe Haven”, “Xavfsiz manzil” nomli joy Ameliya tashlab ketilgan yerdan sal narida joylashgan. 2008-yildan beri bu tashkilot 45 kun va undan yosh chaqaloqlarni qabul qilib olib, vrachlarning qo’liga topshiradi.

Lekin mamlakat bo’ylab har yili chamasi 150 bola hanuz ko’cha-ko’yda, suv bo’yi yoki axlat qutilarida qoldirib ketiladi. Monika Kelsi chaqaloqligida qarovsiz qolib ketgan. Bugun o’t o’chiruvchi, shifokor. O’zining boshiga tushgani uchun bunday bolalarga yordam berayapti. Janubiy Afrikadagi cherkovdan namuna oldim, deydi u.

“Bildirmay bolasini tashlab ketadigan onalar uchun ataylab joy qilib qo’yishgan”, - deydi Monika Kelsi.

Mana shunday, anonimlik ko’p davlatlarda chaqaloqlar sog’-omon, xavfsiz manzillarda qolishi uchun imkon yaratdi. Kelsi ko’p o’tmay Amerikada ham ana shunday xavfsiz manzil, bokslarni joriy etdi. Iliq, yumshoq qutiga bola qo’yilgani zahoti boks qulflanadi va mas’ul odamlarga shu ondayoq xabar yetib boradi.

Indiana sog’liqni saqlash idorasi avvaliga loyihani rad etdi. Biror hujjat, protokolsiz bu sistema xavfsiz emas, deya e’tiroz bildirdi.

“Shunda ularga rasmiy statistikani havola qildim. Chaqaloqlar qandoq holda tashlab ketilishi, natijada nobud bo’lishini qog’ozda ko’rsatdim. Bola juda kech bo’lganida ham boksga tashlab ketilsa, uni qutqarib qolishlari uchun imkon bor”, - deydi Znachko.

Birinchi quti aprel oyida Kelsining o’t o’chiruv idorasida o’rnatildi. Jamoatchilik bu tashabbusni nihoyatda iliq kutib oldi.

“Loyihamiz boshqa shtatlarda ham qo’llanishi mumkin. Hozircha tashlandiq bolalarning 10 foizi qutilarda qoldirib ketilmoqda. Bir kun kelib barchasi sog’-omon bokslarga joylanar…” – deydi Kelsi.

Bu qutilar Ameliyani qutqarib qolishga ulgurmadi. Lekin bu chaqaloq loyihaga turtki bergani aniq. Tashkilotning ramzi sifatida aynan Ameliyaning tovon izi tanlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG