Breaking News

G'alayondan bir yil o'tib Baltimorning ayrim mahallalari xarob


Baltimor, to'polonlardan bir yil o'tib
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:38 0:00

Baltimor, to'polonlardan bir yil o'tib

O’tgan yilgi g’alayonlardan keyin Merilend shtati, Baltimor shahrini qayta tiklash ishlari hanuz davom etayapti.

O’tgan yilgi g’alayondan keyin Baltimorni qayta tiklash ishlari hanuz davom etayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

Qora tanli yigit politsiya qo’lida jon berganidan so’ng boshlangan tinch namoyishlar tez orada shafqatsiz to’qnashuvlarga aylanib ketgan edi. Ziddiyat shaharga yuz millionlab dollar ziyon keltirdi. Ayrim mahallalar hanuz xarob ahvolda.

Bir yil oldin g’alayonga Freddi Grey ismli yigitning hibsga olinishi va qamoqda hayotdan ko’z yumishi turtki bergan edi. To’polonlar politsiyaning g’ariqonuniy xatti-harakatlariga jamoat e’tiborini tortdi. Baltimorning asosan qoralardan iborat aholisi mahalliy hukumatni aybladi.

“Siyosatchilar turmushni o’zgartirishga qodir, qo’lidan keladi. Lekin qo’l qovushtirib o’tirishdan boshqasiga yaramaydi. Shahar qashshoqlashib borayapti. Jinoyatchilik, qoradori savdosi gurkirashi ham ana shundan”, - deydi suhbatdoshlardan biri.

Namoyishlardan keyin shahar butunlay o’ziga kelishi uchun qancha vaqt ketishini aytish qiyin.

“Odamlar yo’qsil. Ko’chada hadeb janjal chiqadi. Jinoyatchilik muammo. Pul yo’q”, - deydi baltimorlik Anjela Fransis.

Ruhoniy Melech Tomas shu yerda tug’ilib o’sgan.

“Freddi Grey o’limidan oldin qandoq yashagan bo’lsak, bugun ham vaziyat o’sha. Maktablarda pul yo’q, uylarimiz to’kilib tushayapti. Ijaraga berilgan uy egalari binolarni epaqaga keltirishni o’ylamaydi”, - deydi u.

“Yillar davomida to’planib borgan g’azab oxiri namoyishlarga aylandi”, - deydi u.

Ruhoniy Angel Nunyez shaharni tinchlantirishga yordam bergan peshvolardan.

“Ishonchimizni oqlashmadi. Ko’zimizga qarab turib va’dalarni berib baribir ustidan chiqishmadi. G’aribona yashayotgan oilalar ko’p. Irodasi bukilgan oilalar ko’p. Dili og’rigan fuqarolar qancha! Umidini boy bergan ular”, - deydi ruhoniy.

Baltimorda 17 ming xonadon egasiz yotibdi. Shaharning chorak qismi qashshoq. Lekin rivojlanish alomatlari ham yo’q emas.

“Ish o’rinlari yaratish bilan bandmiz. Odamlarga kasbiy malaka, ko’nikmani oshirishda yordam beramiz. Ish joylari yaratilganiga yarasha odamlarda muayyan bilim, uquv, ko’nikmani paydo qilish ham muhim”, - deydi Nunyez.

Yoshlar orasida kayfiyat sekin-asta o’zgarib bormoqda. Jamiyatda ijobiy o’zgarishga hissa qo’shish istagi bor, deydi faollar.

“Bizning vazifamiz mahallalarimiz himoyasi uchun turib berish. Shu mahalla - bizniki. Uni qayta tiklash uchun moliyani ham qidirib topamiz, qayta quramiz. Baltimor biz xohlaganday farovon shahar bo’ladi hali”, - deydi Melek Tomas.

Shahar ahliga manzur bu so’zlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG