Breaking News

Bangladeshda terror xuruji tafsilotlari o'rganilmoqda


Bangladeshda terror xuruji qurbonlari xotirlanmoqda, Dakka, 4-iyul, 2016-yil.
Bangladeshda terror xuruji qurbonlari xotirlanmoqda, Dakka, 4-iyul, 2016-yil.

Bangladesh poytaxti Dakkada 20 odam va ikki politsiyachining o'limiga sabab bo'lgan xuruj tafsilotlari o'rganilmoqda. Omon qolganlar guvohlik bermoqda.

Rasmiylarning aytishicha, garovdan ozod qilingan 13 shaxsning besh nafari hanuz politsiya ixtiyorida. Ular xuruj tashkilotchilariga sheriklikda gumon qilinyaptimi yoki ko'proq ma'lumot olish uchun olib qolinganmi, hozircha noma'lum.

Bangladesh politsiyasi rahbari Shahidul Haqning aytishicha, ikki odam, xususan, jangari ekani gumon qilingan bir shaxs tergov qilinmoqda. Rasmiy so'roq qilinayotganlarning garovga olinganlar orasida bo'lgani yoki yo'qligi haqida ma'lumot bermadi, ammo ular ayni paytda olgan jarohatlari tufayli kasalxonada ekanini aytgan.

Xuruj uchun mas'uliyatni "Islomiy davlat" o'z zimmasiga oldi. Lekin jangari to'daning hujumni amalga oshirishda bevosita qatnashgani hali aniqlangani yo'q.

Bangladesh Ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xonning aytishicha, yakshanba kungi xurujda qatnashgan yetti odamning "Islomiy davlat"ga aloqasi yo'q. Ularning olti nafari o'ldirilgan.

Aksincha, ular mahalliy "Jumatul Mujohiddin Bangladesh" guruhiga mansub bo'lgan, deydi rasmiy.

Politsiya ayni paytda hujumchilarning "Islomiy davlat"ga aloqasi bor-yo'qligini tekshirmoqda.

AQSh Bangladeshga yordam taklif qildi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Bangladesh Bosh vazirasi Shayx Xasinaga qo'ng'iroq qilib, o'z hamdardligini izhor etgan. Kerri AQSh hukumati va huquq-tartibot organlari tergov jarayonida yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Bangladesh hukumati mamlakatda "Islomiy davlat" jangari guruhi mavjud emasligini aytib keladi. Xasina hukumati qo'poruvchilik harakatlari uchun jangari guruhlar bilan hamkorlik qilayotgan siyosiy muxolifatni ayblaydi.

Halok bo'lganlar orasida to'qqiz nafar italiyalik, yetti yaponiyalik, ikki bangladeshlik, bir hind va bir amerikalik bor. Qurbonlarning uch nafari AQShda o'qiydigan talabalar bo'lgan. Ikki politsiyasi ham halok bo'lgan. Maxsus amaliyot paytida garovdagilarning 13 nafari qutqarilgan.

Jangarilar hujumi juma kuni kechqurun boshlangan. Ular poytaxtning diplomatik missiyalar joylashgan hududidagi restoranga bostirib kirib, odamlarni garovga olgan. Bir necha soatdan so'ng politsiya amaliyot boshlab, hujumchilarning olti nafarini o'ldirgan, bittasini qo'lga olgan.

Qator terror xurujlari

So'nggi oylarda Bangladeshda terror xurujlari soni oshib bormoqda. Ko'pincha, dunyoviy tuzum tarafdori bo'lgan bloggerlar, dahriylar va diniy ozchilik vakillari nishonga olinadi. "Islomiy davlat" to'dasi va "Al-Qoida"ning Hindiston mintaqasidagi tarmog'i xurujlarning aksariyati uchun mas'uliyatni zimmasiga olgan.

"Al-Qoida" yetakchisi Ayman al-Zavohiriy 2014-yilda guruhning Hind mintaqasi uchun yangi tarmog'i ochilganini e'lon qilgan edi. Unga Umar rahbar etib tayinlangan. O'tgan asrning 70-yillarida Hindistonda tug'ilgan bu shaxs ayni paytda Pokistonda ekani aytiladi.

So'nggi oylarda terror xurujlaridan dunyoning ko'plab davlatlari aziyat chekmoqda. Suriya va Iroqdan tashqarida qo'shni Turkiya xurujlardan eng ko'p jabr ko'rayotgan davlatlardan biri bo'lib qoldi.

4-iyul kuni Saudiya Arabistonining bir necha shahrida, jumladan, Madinada ham bir necha suiqasd xuruji sodir etildi. To’rt odam o’lgan, besh kishi yaralangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG