Barbara Bush Amerikaning taniqli siyosiy sulolasi boshida turgan shaxslardan edi. Bir prezidentning rafiqasi, boshqasining onasi. Barbara Bush 2018-yilning 17-aprelida hayotdan ko’z yumdi.
1990-yillar boshida Barbara Piyers Bush AQShning Birinchi xonimi edi. Uning turmush o’rtog’i Jorj Bush Amerikaning 41-prezidenti bo’lgan. Keyinchalik uning o’g’li ham prezident bo’ldi. Barbara Bushning olti farzandidan ikki nafari prezidentlikka intilgan.
“Yonimda aylanib-o’rgilib yurgan odamni prezidentga aylanganini ko’rish baxt. Xonangni tartibga sol, deya urishar edi. O’sha bola mana davlat rahbari bo’ldi”, - degan edi Barbara Bush.
U misli ko’rilmagan sadoqati bilan mashhur edi.
“Turmush o’rtog’im yo’ki o’g’limni tanqid qilishayotganini eshitsam tepa sochim tikka bo’lib ketadi”, - derdi u.
Xyuston universiteti professori Nensi Yangning aytishicha, Barbara Bush Amerika xalqini savodxonlikka undagani uchun alohida hurmat qozongan.
“O’qish va yozish har bir odamga muhimligi uchun kurashgan edi. Bush xonim nazarida mana shu ikki narsani eplay olgan odam boshqa vazifa va masalalarni ham uddalay olar edi”, - deydi professor.
1989-yilda Barbara Bush o’z jamg’armasiga asos solib, 110 million dollar to’plagan edi. Bu mablag’ni savodxonlik loyihalari va kitob nashr qilish uchun sarflagan.
“Barbara Bush Oq uydagi hayoti va kuchugi Milli haqida kitob yozgan. Kitobdan tushgan daromadni u savoxonlikni oshirish loyihalariga ehson qilgan”, - deydi professor Young.
Barbara Bush samimiy, tik so’z inson bo’lgan.
“Barbara Bush ikkiyuzlamachilik, tilyog’lamachilikdan yiroq ayol edi. Hatto o’z matbuot kotibiga ham “nimani nazarda tutgan bo’lsam shuni aytganman” degan””, - deydi professor.
Barbara Bush 1925-yilning 8-iyunida tavallud topgan. 1945-yilda Jorj Bush bilan turmush qurib, 73 yil birga yashadi. Amerika prezidentlari tarixida eng uzoq davom etgan turmush hisoblanadi.
“Bu yerdan turib ko’kka qararkanman, ko’z oldimda yo’qotgan do’stlarim, jonajon vatanim va men sevgan bir qiz, Barbarani ko’raman”, - degan Prezident Jorj Bush.
Bush xonim uchun uch yashar egizaklaridan birining o’limi uning hayotidagi eng og’ir judolik bo’lgan. 17 nabirasi va yetti evarasi Barbara Bush bilan vidolashar ekan, undan rozi.
Facebook Forum