Breaking News

Belarusdagi saylovoldi manzara: O’qituvchi Lukashenkoni yengmoqchi


“Yevropaning so’nggi diktatori” hokimiyatdan ketadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:54 0:00

Belarusda 37 yoshli o’qituvchi – “Yevropaning so’nggi diktatori” hisoblanmish Prezident Aleksandr Lukashenkoga saylovda raqib. Muxolif nomzodni qo’llab-quvvatlayotganlar ko’p, ammo bu saylov natijasida aks etadimi?

Svetlana Tixanovskayani bir necha oy oldin hech kim tanimas edi. Ammo o’tgan hafta Polsha bilan chegaradagi shaharchada o’tgan yig’inda 20 ming odam qatnashdi.

“Svetlana Tixanovskaya Belarus prezidenti etib saylansa, biz yangi, adolatli va oshkora saylovlar o’tkazamiz. Unda siz munosib prezidentni o’zingiz tanlaysiz”, - deydi u.

Tixanovskaya eri hibsga olinganidan keyin poygaga qo’shildi. Sergey Tixanovskiy prezidentlikka nomzodini qo’ymoqchi bo’lgan. Boshqa nomzodlar ham hibsda. Oppozitsiya asosan Tixanovskaya atrofida birlashdi.

“Qadamma-qadam tushundimki, xalq o’zgarish istaydi. O’zim kutmagan holda mana shunday qarorga keldim”, - deydi nomzod.

“Yoshim 45 da. Hayotimning katta qismi mana shu prezident bilan o’tgan. Mamlakat kelajagini ko’rmayapman, ayniqsa farzandlarim uchun”, - deydi Vlad ismli saylovchi.

Biroq Svetlana Tixanovskayaning saylanish ehtimoli past. Aleksandr Lukashenko Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelmoqda.

“G’alaba qilishi qiyin, chunki ko’rinishidan Saylov komissiyasi natijani soxtalashtiradi. Politsiya ham norozilikni bostirishga tayyor”, - deydi tahlilchi Rixor Astapeniya.

Qayta saylanishga umid qilayotgan Lukashenko koronavirusga qarshi cheklovlar joriy etmagani uchun keskin tanqid ostida.

U Rossiyani ittifoqchimiz desa-da, so’nggi payt munosabatlar sovuqlashgan. O’tgan hafta Minsk yaqinida 33 nafar rossiyalik hibsga olindi. Ular Belarusda fitna uyushtirmoqchi bo’lgan “yollanma jangchilar”, deydi Lukashenko. Moskva ayblovni rad etib, ularni ozod etishni so’ragan.

“2014-yilda Belarus Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasini yoqlashdan bosh tortganidan beri aloqalar juda yomon”, - deydi Astapeniya.

Prezidentlikka nomzodlar ro'yxatga olinmagani ketidan namoyishlar
Prezidentlikka nomzodlar ro'yxatga olinmagani ketidan namoyishlar

Lukashenko muvozanat saqlashga harakat qilmoqda.

“Rossiya bizni yo’qotishdan qo’rqadi, chunki bizdan boshqa chinakam ittifoqchisi qolmadi. G’arbning ham bizga e’tibori oshgan”, - deydi prezident.

9-avgust kuni o’tadigan saylovda Svetlana Tixanovskaya g’alaba qilishiga ko’pchilik ishonmaydi.

“Aholi orasida norozilar ko’p, lekin hammasi ham namoyishga chiqadi deb o’ylamayman. 25 ming odam ko’chaga chiqsa, politsiyaning osonlikcha bo’lmasa ham ularni tarqatishga qurbi yetadi. Agar 200 ming kishi namoyishga chiqsa, olomonni boshqarish oson bo’lmaydi”, - deydi tahlilchi Rixor Astapeniya.

Xavfsizlik kuchlari yuzlab odamni hibsga olgan, ammo Tixanovskaya ularga umid bag’ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG