Breaking News

Berlin devorining qulashiga 25 yil bo'ldi. Tarixga nazar


Sharqiy berlinliklar Berlin devoridan g'arbga oshib o'tmoqda. 1989-yil 10-noyabr. (Arxivdan olingan surat)
Sharqiy berlinliklar Berlin devoridan g'arbga oshib o'tmoqda. 1989-yil 10-noyabr. (Arxivdan olingan surat)

9-noyabr kuni Berlin devorining qulaganiga 25 yil to’ladi. Britaniyalik tarixchi Frederik Teylor - “Berlin devori: Ajralgan dunyo. 1961-1989 – yillar” nomli kitob muallifi. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda u Sharqiy Germaniya rahbariyatini devorni qurishga qanday sabablar majbur qilgani haqida hikoya qiladi.

Berlin devori tarixi - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:39 0:00
Yuklab oling

1945-yili Yalta shahrida imzolangan xalqaro bitimga ko’ra, Ikkinchi Jahon urushida g’alaba qozongan davlatlar Germaniyani ikkiga bo’lib olgan. Mamlakatning g’arbiy qismi Amerika, Britaniya va Fransiya, sharqi esa Sovet Ittifoqi nazoratiga o’tgan.

Sovet Ittifoqiga qarashli hududda poytaxt Berlin joylashgan. Shahar ham xuddi mamlakatdek to’rt sektorga bo’lingan.

Ammo vaqt o’tgan sari G’arb davlatlari hamda sovetlar o’rtasida ziddiyat kuchayib borgan. 1949-yilda Germaniyaning g’arbiy zonalari sharqdagi kommunist hukumatdan ajralib chiqishga qaror qiladi.

“Berlin Sovet zonasida joylashgan bo’lib, o’ziga xos Troya otiga, ya’ni kapitalizm siymosiga aylangan. Sovetlar va kommunist mafkurasiga mansub nemislar uchun u g’arbona turmush uslubini aks ettirardi. Sovuq urush davrida ham shunday bo’lib qolgan,” – deya hikoya qiladi tarixchi Frederik Teylor.

Shunda Sharqiy va G’arbiy Germaniya o’rtasida devor qurilgan, deydi u.

“1952-yilga borib qo’riqlanadigan chegara barpo etilgan. Sharqdan G’arbga o’taman deb devorni oshib o’tishga harakat qilganlar otib o’ldirilardi. Ammo Berlinni harbiylar nazorat qilgan. Ha, Germaniya ikkiga bo’linganida ham Berlinda harbiy qonunlar hukm surgan. U yerda chegara postlari o’rnatilgan”.

1949-1961 – yillarda aholisi 17 millionga teng Sharqiy Germaniyadan 2,5 million odam mamlakat g’arbiga qochib o’tgan.

“Aslida Sharqiy Germaniya rahbarlariga ham, ularni boshqarib turgan Sovet rahbarlariga ham 50-yillar oxirida va so’ngra 1960-1961 – yilga borib mamlakat o’lim yoqasida turgani ayon bo’ldi. Eng iqtidorli, yuqori malakali mutaxassislar G’arbga qochib o’tayotgan edi. Kommunist rahbarlar nima qilish kerak, degan savolni ko’ndalang qo’ydi”.

Teylor deydiki, Sharqiy Germaniya rahbariyati odamlarning qochishiga faqat devor to’siq bo’la oladi, degan xulosaga keladi. 1961-yilning 12- avgustidan 13 – ga o’tar kechasi Berlinni ikkiga ajratgan devor barpo etiladi.

"Avvaliga ular hamma yoqni tikanli sim bilan o’rab tashlashga qaror qildi. Berlinning sharqiy qismida boshlanib, g’arbiy qismiga o’tgan ko’chalar beton bloklar, temir va yog’och bilan to’sildi. Devor qurilar ekan, quruvchilarni nazorat qilish uchun qo’riqchilar qo’yildi. 12 soat deganda devor ko’tariladi. 1961-yil 13-avgust yakshanba edi. Yakshanba tongda Berlinning g’arb va sharqiy aholisi uyqudan turib qarasaki, to’siq qurib bitkazilgan. Hali devor emas edi-ku, lekin tikanli sim tortilgan to’siq edi. Mashinalar o’tolmasdi”.

Devor mahallalar va qo’shnilarnigina emas, balki do’stlarni va oilalarni bir-biridan ajratib qo’ygan.

“O’sha davrning eng katta fojeasi edi bu”,- deydi tarixchi Frederik Teylor. Ushalmagan orzu-niyatlar, amalga oshmagan rejalar, qorquv, harakat qilishda erkinlikning yo’qligi, nafas olishdagi erkinsizlik, his etishdagi erkinsizlik… O’sha davrda yashagan va bu fojeani boshdan kechirgan odamlar bilan suhbatlashganimda ular mana shu haqida gapirishdi. Biz uchun buni tushunish qiyin”.

Devor qurilgach Sharqiy Germaniyadan G’arbga qochishga uringanlar kamaymadi. Devorni oshib yoki tagini qazib o’tishga harakat qilganlar bo’ldi. Ammo bunday harakat odatda mag’lubiyat bilan tugardi. Berlin devori ortidagi hayot sharqliklarga jannatdek ko’rinar ekan, hech qanday xavf-xatardan qo’rqmay, tavakkal qilib kommunizm zulmidan qochganlar ko’p edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG