Breaking News

"Birdamlik" harakati AQShda qurultoy o'tkazdi


"Birdamlik" harakatining qurultoyi ishtirokchilari Sent-Luis aeroportida kutib olinmoqda, 23-aprel, 2014-yil
"Birdamlik" harakatining qurultoyi ishtirokchilari Sent-Luis aeroportida kutib olinmoqda, 23-aprel, 2014-yil
O’tgan hafta AQShning Sent-Luis shahrida “Birdamlik” harakatining qurultoyi o’tkazildi. Unda kuzatuvchi sifatida qatnashgan O’zbekistonning AQShdagi sobiq elchisi Bobur Malikovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qurultoy ishtirokchilari Bahodir Choriyevni harakatning raisi lavozimida qoldirishga qaror qildi.

“Birdamlik” harakati o’zini nozo’ravon kurash tarafdori deb biladi. Uning asosiy maqsadi bu yo’l bilan O’zbekistondagi siyosatni o’zgartirish. Missuri shtatining Sent-Luis shahrida o’tgan ilk qurultoyda qabul qilingan nizomda bunga alohida urg’u berildi.

Virjiniyada istiqomat qiluvchi O’zbekistonning Amerikadagi birinchi elchisi Bobur Malikov tadbirda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.

“O’zbekistondan hech kim kelgani yo’q. Ularni qo’yishmadi. Bu O’zbekiston hukumatining kirdikorlari oqibatida bo’lgan voqea. Majlis yaxshi o’tdi. Raislikka saylov muqobil nomzodsiz o’tdi. Boshqacha bo’lishi ham mumkin emas edi. 10 yildan beri harakatni o’zining yelkasida Bahodir Choriyev ko’tarib kelyapti”, - deydi u.

“Birdamlik” harakatiga 10 yil avval asos solingan. Guruh o’tmishda qurultoyni O’zbekistonda o’tkazishga urinib ko’rgan, ammo befoyda. Tadbirga Qozog’iston, Turkiya va Kanadadan ham faollar tashrif etdi, deydi Bobur Malikov.

“Kun tartibi “Birdamlik”ning internetdagi saytida bor. Avvalambor dastur, nizom muhokama qilinib tasdiqlandi. Keyin turli guruhlar tashkil etildi – taftish, moliya va shu kabi guruhlar. Qurultoyda siyosiy masalalarga ham to’xtaldi. Odamlar dardlarini to’kishdi”.

“Birdamlik” harakatining O’zbekistondagi oz sonli a’zolari nozo’ravon kurash usullaridan ba’zilarini qo’llab, qator aksiyalar o’tkazishga muvaffaq bo’lgan va shu tariqa omma e’tiborini o’z faoliyatiga qaratishga uringan.

Guruh raisi Bahodir Choriyev qurultoy ishtirokchilariga murojaatida xorijdagi o’zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan targ’ibot ishlarini yo’lga qo’yish zarurati haqida gapirdi va O’zbekistondagi bugungi vaziyatga to’xtaldi.

Sobiq elchi Bobur Malikovning aytishicha, “Birdamlik” harakati o’zini O’zbekistondagi hukumatga muxolif deb bilgan har qanday dunyoviy guruh bilan ishlashga tayyor.

“Bu muxolif tashkilot boshqa muxolif guruhlarga qarshi emas. Dunyoviy muxolifat bilan birgalikda, hamkorlikda ishlashga tayyor. Bularning dunyoqarashi tinch yo’l bilan bugungi mustabid rejimni yo’q qilish, tinch yo’l bilan. Mana shunday tashkilot rivojlanib, davom etsa, bu O’zbekiston muxolifati uchun ancha foydali bo’lar edi”, - deydi Bobur Malikov.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG