Breaking News

Bishkekdagi Xitoy elchixonasida portlash yuz berdi


Qirg‘iziston Favqulodda holatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 30-avgust kuni Bishkekdagi Xitoy elchixonasi oldida sodir etilgan portlashda bir odam halok bo‘ldi, uch odam yaralandi. Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Jenish Razzakovga ko'ra, elchixona oldida bir shaxs o‘zini portlatgan.

30-avgust kuni ertalab 9 dan 40 daqiqa o‘tganda “Mitsubishi Delica” rusumidagi avtomashinaga mingan xudkush Xitoy elchixonasining g‘arbiy qismidagi zirhli darvozaga mashinasini urib, portlashni amalga oshirgan.

Portlash natijasida mashina parchalanib, xudkushning jasadi ham bo‘laklarga bo‘linib, atrofga sochilib ketgan, deya xabar beradi "Ozodlik" radiosining o'zbek xizmati.

Xitoy elchixonasining g‘arbiy darvozasini qo‘riqlayotgan xodim boshidan jarohat olgan. Bishkek “Tez yordam” xizmatining bildirishicha, portlashda jami uch odam yaralangan.

Huquq-tartibot organlari rasmiylari portlashdan so‘ng bir qanoti singan zirhli darvoza xudkushga jiddiy to‘siq bo‘lganini va bu bilan portlash elchixona ichida sodir etilishining oldi olinganini aytmoqda.

Ammo voqea guvohlaridan biri portlash elchixona ichkarisida bo‘lganini bildirdi:

"Mashina bizning darvozamiz oldidan burilib, to‘g‘ri elchixona davrozasiga kelib urildi va elchixona ichkarisida o‘zini portlatib yubordi", - dedi voqea guvohlaridan biri.

Portlash oqibatida elchixona atrofidagi uylarning derazalari singan. Voqea guvohlarining aytishlariicha, portlash ortidan kelib chiqqan alanga o‘ttiz metrgacha yuqoriga ko‘tarilgan.

Bosh vazirning xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha o‘rinbosari Jenish Razzakov voqea joyiga shaxsan kelib, vaziyatni o‘rganmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, portlashda yaralanganlarning barchasi Qirg‘iziston fuqarolaridir. Xudkush hujumi paytida Xitoy elchixonasida kimlar bo‘lgani hozircha noma’lum.

Xitoy elchixonasidagi portlash yuzasidan dastlabki tekshiruv va tezkor qidiruv ishlarini Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati olib bormoqda.

Elchixona binosini maxsus xizmatlar sapyorlari tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 30-avgust kuni kechga yaqin tarqatgan bayonotida Bishkekdagi elchixonaga uyushtirilgan hujum uchun mas’uliyatni hozircha hech bir guruh zimmasiga olmaganini bildirdi. Shuningdek, Xitoy tomoni bayonotida Qirg‘iziston hukumatidan elchixonaga qilingan hujum yuzasidan har tomonlama chuqur tergov qilish, Qirg‘izistondagi Xitoy korxona va idoralari xavfsizligini ta’minlash talab qilingan.

Prezident Almazbek Atambaev Xitoy elchixonasiga qilingan hujum yuzasidan kuch ishlatar tuzilmalar rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident huquq-tartibot tuzilmalariga mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG