AQShda iqtisodiy vaziyat barqarorlashgan, o’sish kuzatilayapti. Ammo aholining turli tabaqalari orasida ijtimoiy va iqtisodiy tafovut hamon katta. Bu Milliy shahar ligasi nomli tashkilotning “Qora Amerika ahvoli”ga bag’ishlangan yillik hisobotining asosiy xulosasi.
Tashkilot 40 yildan buyon shunday hisobot chiqaradi. 1976 va 2016-yillar orasidagi o’xshashliklar xavotirli, deydi tashkilot Prezidenti Mark Morial.
Oq tanlilarga qaraganda, afro-amerikaliklar orasida ishsiz bo’lish ehtimoli ikki baravar balandroq. Oilalar daromadi esa 40 foizga pastroq.
Jinoyatlarga kelsak, so’nggi 40 yilda manzara ko’p ozgarmadi. Yuzlab politsiya bo’limlarida oq tanli zobitlar ko’proq, hatto aksariyat aholisi qora tanli bo'lgan mahallalarda.
“Bu statistika ortida haqiqiy odamlar, erkak va ayollar, oilalar, bolalar turibdi. Va bu vaziyat ularga bevosita ta’sir qiladi”, - deydi Morial.
Davlat rahbarlari qora tanli aholini qashshoqlikldan qutqarish uchun Marshall Planiga o’xshash dastur qabul qilishi kerak, deydi tashkilot.
1948-yilda AQSh Ikkinchi jahon urushidan aziyat chekkan Yevropa mamlakatlariga qariyb 130 milliard dollarga teng to'rt yillik yordam ajratgan. Bu Marshall plani edi.
Liga taklif qilayotgan “Ko’cha uchun Marshall Plani: kambag'allikdan farovonlikka” nomli dastur besh yilga mo’ljallangan bo’lib, iqtisodiy va ijtimoiy tafovutni kamaytirish maqsadida 1 trillion dollar sarmoya ajratishni ko’zda tutadi.
“Ayrimlar bunga qurbimiz yetmaydi, demoqda. Men esa bunday yordam ajratmaslikka qurbimiz yetmaydi, deyman”, - deydi Morial.
Taklif qilinayotgan reja turli ta’lim dasturlari, federal darajadagi minimal maoshni soatiga 15 dollarga tenglashtirish, shaharlarda infratuzilma, kichik bizneslarni rivojlantirish, uy-joy sotib olish va soliqlarda imtiyozlar berish hamda arzonlashtirilgan texnologiyalar kabi masalalarni qamrab olgan.
Liga vakillariga ko’ra, so’nggi olti yilda xususiy sektorda 14 millionga yangi ish joyi yaratildi.
“Prezident Obama bizni yangi darajaga chiqardi. Endi yutuqlarimizni yanada ko’paytirishimiz kerak”, - deydi Morial.
Hisobot ko’plar ko’zini ochadi, AQShning keyingi prezidenti esa tafovut haqiqatan mavjud ekaniga amin bo’lib, sharoit og’irligini va jiddiy choralar kerakligini tushunadi, deya umid qilmoqda Morial.