Breaking News

"Markaziy Osiyoni globallashtirish". Yangi kitob muhokamasi


“Markaziy Osiyoni globallashtirish: Geosiyosat va iqtisodiy taraqqiyot yo’lidagi muammolar” nomli kitob
“Markaziy Osiyoni globallashtirish: Geosiyosat va iqtisodiy taraqqiyot yo’lidagi muammolar” nomli kitob
Markaziy Osiyo bo’yicha ko’zga ko’ringan ikki mutaxassisning yaqinda yangi bir kitobi nashrdan chiqdi. Shu hafta Vashingtonda mualliflar Marlen Laruel va Sebastyan Peyruz bilan uchrashuv tashkil etildi. Kitob “Markaziy Osiyoni globallashtirish: Geosiyosat va iqtisodiy taraqqiyot yo’lidagi muammolar” deb nomlanadi.

Kitob Markaziy Osiyodagi globalizatsiya jarayonlarini qamrab, mintaqa taraqqiyotiga g’ov bo’layotgan va unda ishtirok etayotgan davlatlar va omillar xususida tahliliy ma’lumot beradi.

Markaziy Osiyo tabiiy resurslarga boy hudud ekan, u turli davlatlar diqqatini o’ziga tortib keladi. Bundaylar qatoriga, asosan, yirikroq bo’lgan Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi hamda iqtisodiyoti va siyosiy qudrati kichikroq Eron, Pokiston, Turkiya va Hindiston kiradi. Biroq shulardan ikkisi – Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo iqtisodiyoti va siyosatida jiddiyroq va faolroq rol o’ynaydi.

19-asrda Rossiya va Britaniya o’rtasida mintaqa uchun kurash “Katta o’yin” nomini olgan bo’lsa, kitob mualliflari nazarida bugunga kelib, raqobat ko’plab kichik o’yinlardan iborat va o’yinchilar tarkibi ancha kengaygan.

Mualliflardan biri Sebastyan Peyruzning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining o’zi ham bugungi kunda muhim o’yinchilar.

"Ular o’z siyosati va iqtisodiyoti hamda boshqa davlatlar bilan munosabatlarini mustaqil ravishda belgilaydi, hech kimga qaram emas".

Regionga qiziqish bo’lsa-da, hech bir davlatda Markaziy Osiyo bo’yicha uzoq muddatli jiddiy strategiya yo’q, deydi tahlilchilar Peyruz va Laruel. Ular nazarida Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan strategiya keng qamrovli emas, uzoqni ko’zlamaydi. AQSh tashabbusi bilan olg’a surilgan Buyuk Ipak yo’li strategiyasi esa Afg’oniston bilan bog’langan bo’lib, xalqaro kuchlar bu mamlakatni 2014-yilda tark etishi bilan tashabbuslar qog’ozda qolib ketadi, deydi mualliflar.

Tahlilchilar Rossiya va Xitoyda ham uzoqni ko’zlovchi siyosat yo’qligini aytadi.

"Rossiya Markaziy Osiyoni o’z manfaatlari doirasiga kirishini tabiiy hol sifatida ko’rgani uchun qattiq harakat qilmay, xato qilyapti. Xitoy esa o’z siyosatida ehtiyotkor", - deydi Marlen Laruel.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyoda bu ikki davlatga munosabat o’zgarib bormoqda. Masalan, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda Xitoydan xavfsirash kuchaymoqda. Rossiyaga bo’lgan e’tibor esa yangidan jonlanmoqda.

"Bunga mehnat migratsiyasi sabab. Avvalambor, bu mintaqa aholisi turmush tarzini yaxshilashga hissa qo’shyapti. Mehnat muhojirlarining aksariyati qishloqdan bo’lgani uchun bu hududlarda rus tiliga e’tibor qayta jonlanmoqda", - deydi Marlen Laruel.

Kitob muallifiga ko’ra, Rossiya jamiyati Markaziy Osiyonikidan erkinroq bo’lgani uchun migrantlar kasaba uyushmalarga birlashmoqda, siyosiy ongi o’smoqda. Aynan shu guruhlar kelajakda o’z vatanida ichki siyosatga ta’sir o’tkazishi mumkin. Markaziy Osiyodagi siyosiy o’zgarishlarni Rossiya hukumati emas, u yerda ishlayotgan ishchi migrantlardan kutish kerak, deydi Laruel.

Kitob ikki qismdan iborat bo’lib, tashqi va ichki omillar haqida so’zlaydi. Tashqi omillarga to’xtaldik. Ichki omillar qatorida qishloq xo’jaligi, yer islohoti, tabiiy resurslar, energetika va suv taqchilligi ko’riladi.

Muallif Marlen Laruelning aytishicha, suv masalasida Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlarning xatosi shuki, ular bu ishga mintaqa davlatlari pozitsiyasidan yondashmoqda.

"Markaziy Osiyoda har bir davlat ehtiyojini qondirish uchun yetarlicha suv bor. Muammo suvning kamligida emas, balki uning isrof etilishida, tejamli ishlatilmayotganida. Axir Markaziy Osiyo mamlakatlari bu borada dunyoda birinchi o’rinda", - deydi mutaxassis.

Tahlilchi nazarida Rog’un gidrolektrostansiyasining qurilishi Tojikistonning energiya va qo’shimcha daromadga bo’lgan ehtiyojini qondira olmaydi. Aksincha, deydi Laruel, Jahon banki bunday munozarali loyihalarni qo’llab-quvvatlab, davlatlar o’rtasida mojaroning kelib chiqishiga hissa qo’shyapti.

Markaziy Osiyo bo’yicha yana bir ekspert, Jahon bankining sobiq vitse-prezidenti Yoxannes Linn kitobga baho berar ekan, uni mintaqadagi iqtisodiy va geosiyosiy jarayonlarni tushunishda qo’l keluvchi foydali qo’llanma deb hisoblaydi.

"Bu yaxshi tahlil qilingan, chuqur o’rganilgan izlanish natijasi bo’lib, undan Markaziy Osiyoda manfaatlari bor davlatlarning hududga munosabati va mintaqaning bu davlatlarga nisbatan qarashlarini o’rgansa bo’ladi", - deydi Linn.

Kitobda, shuningdek, transport muammosi, harbiy-sanoat majmuasining bugungi ahvoli, qurilish sohasi, O’zbekiston avtomobil sanoati, mamlakatlardagi bank tizimi, telekommunikatsiya, turizm, Qozog’iston iqtisodiy yutuqlari ortidagi sabablar kabi mavzular ham o’rin olgan.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG