Breaking News

Boston xuruj qurbonlarini xotirladi


Prezident Barak Obama bugun Boston shahriga yo’l olib, dushanba kuni marafondagi portlashlarda nobud bo’lganlarni xotirlash marosimida qatnashdi. U o’lganlarning yaqinlari, oila a’zolari bilan ko’rishdi.

"Fojea bizni bir lahzaga yiqqan bo'lishi mumkin, lekin qayta oyoqqa turib, kurashni davom ettiramiz", - dedi Obama.

"Jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi", - deya va'da qildi u.

Finish chizig’i yonida sodir etilgan ikki xuruj uch odamni hayotdan olib ketib, yana 176 kishi jarohatlangan edi.

Federal qidiruv byurosi va Boston politsiyasi hujumlarga aloqador odam ushlangani haqidagi xabarlarni inkor etayapti.

Shu paytgacha to’plangan video va suratlarda marafon paytida yo’l chetiga xalta qo’ygan odamni ko’rish mumkin, deydi tergovchilar. Massachussets shtati gubernatori Deval Patrikning aytishicha, tergovda oldinga siljish bor.

Lekin javobgar shaxs ushlangani haqidagi xabarlar jamoatchilik uchun og’ir sinov bo’ldi, deydi u. “Boston ahli sarosimada. Ular aybdorlar jazolanishini, savollarga javob berilishini xohlashi tabiiy”, - deydi gubernator.

Politsiya portlovchi moslama qoldiqlarini aniqlashga muvaffaq bo’lgan. Bomba mayda metallarga to’la bo’lgani ma’lum.

Marafon paytida o'lganlar sakkiz yoshli bola Martin Richard, restoran menedjeri, 29 yoshli Kristi Kembel va Boston Universiteti talabasi, xitoylik Lu Lingzi ekani aytiladi.

"Hujum ortida kim turgani, mahalliy odammi yoki chet ellik, buni hali bilmaymiz. Hozir fol ochib o'tiradigan payt emas. Katta bir tantana qonli tus olganiga odamning ishongisi kelmaydi", - deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG