Breaking News

Rus josusi zaharlanishi ortidan yana bir xuruj


Shu yilning mart oyida sobiq rus josusi va uning qizi Angliyada zaharlangan edi. Shu kunlarda ular yashaydigan hudud yaqinida 40 yoshlar atrofidagi yana ikki kishi xastalangani aniqlandi. Jabr ko’rganlardan biri ayol. “Novichok” deb nomlangan bu kimyoviy modda sobiq Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan va Rossiyadan tashqarida uni topib bo’lmaydi. Shunday ekan, Britaniya politsiyasi tergov ishlariga avvalgidan ko’ra jiddiy kirishgan.

Angliyaning janubiy qismidagi Solsberi shahrida ro’y bergan yana bir zaharlanishda bir xil toksik modda qo’llangan. Jabrlanuvchilarning nerv tolalari shikastlangan. Angliya Bosh vaziri Tereza Mey sobiq rus josusi Sergey Skripal va uning qizi Yulyaning zaharlanishida Rossiyadan gumon qilayotganini berkitmayapti. Rossiya buni qat’iy rad etayotgan bo’lsa-da, hozir Rossiyaga umuman daxli bo’lmagan yana ikki odamning shu modda bilan zaharlanishi vaziyatni jiddiylashtirib yubordi. Jabr ko’rganlar Sergey Skripalga yaqin turishadi.

“Yana ikki odamning atayin zaharlanishi juda xavotirli, endi buni e’tiborsiz qoldirib bo’lmaydi. Politsiya bu ishlarda kimning qo’li borligini topadi, bu ishning tagiga yetadi hali”, - deydi Angliya bosh vaziri.

Angliya politsiyasining aytishicha, bu safar zaharlangan odamlar aslida nishonga olinmagan. Ular tasodifan “novichok”ka uchrab qolgan deya taxmin qilmoqda.

“Tasodifmi, qasddanmi, qanday bo’lishidan qat’i nazar, ko’chalarimiz, xiyobon, shahrimizdan zahar sochish uchun foydalanish chidab bo’lmas holat”, - deydi Angliya Ichki ishlar vaziri Sajid Javid.

Moskva esa Britaniyani zaharlanish ishlari bahonasida G’arbni Rossiyaga qarshi qayrashda ayblayapti.

“Bizga nisbatan oxirgi oylarda ro’y berayotgan xalqaro tajovuzning ortida Britaniya turibdi. Voqea sodir bo’lganiga to’rt oy o’tmasdan, “novichok” orqali bizga qarshi uydirmaning ikkinchi qismi boshlanib ketdi”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Mariya Zaxarova.

Rossiya tergov ishlarida qatnashish niyati borligini bildirarkan, Britaniyaning kimyoviy qurollar bo’yicha mutaxassislari Moskva jiddiy hamkorlik niyatida bo’lsa “novichok” kimyoviy moddasining tarkibi va yaratilishi haqida batafsil ma'lumot berishi kerak, deydi.

“Biz bu moddaning tarkibini bilmaymiz. Mana to’rt oy o’tib haqiqatda o’ta toksik modda ekanini bilamiz, xolos”, - deydi kimyoviy moddalar bo’yicha mutaxassis De-Bretton-Gordon.

”Novichok” shu turdagi boshqa kimyoviy moddalardan ko’ra hayot uchun ancha xavfli va uni aniqlash ham mushkul. Nafas olish yoki shunchaki havodan teri orqali tanaga, miyaga singib, nerv hujayralarini shikastlaydi. Natijada miyada yurak va ko’krak qafasi, nafas olish yo’llari muskullarini boshqarish funksiyasi buzilib, inson halok bo’lishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG