Breaking News

Kanada 25 ming suriyalikka boshpana beradi


Livandagi qochqinlar
Livandagi qochqinlar

Yaqin Sharqda insonparvarlik yordami bilan shug’ullanayotgan guruhlar 25 ming suriyalik muhojirni keyingi olti hafta ichida samolyotlarda Kanadaga jo’natishga tayyorlanmoqda. Bu Suriyada yuz minglab odamlarning yostig’ini quritgan va millionlab qochoqlar oqimini yuzaga chiqargan to’rt yarim yillik fuqarolar urushi boshlangandan beri qochoqlarni samolyot orqali olib ketish bo’yicha kuzatilayotgan eng katta yordamdir.

Kanadaning yangi saylangan Bosh vaziri Jastin Tryudo yil oxirigacha 25 ming suriyalik qochoqni qabul qilishini ma’lum qildi. Buning uchun “Air Canada” havo kompaniyasi o’z samolyotlarini ajratdi. Muhojirlar Livan va Turkiyadan olib kelinishi aytilmoqda.

Jenevada joylashgan Migratsiya Xalqaro tashkiloti so’zlovchisining aytishicha, Kanada hukumati ruxsat berishi bilan qochoqlarni ko’chirish boshlanadi.

Kanadaliklar fikri qanday?

Tryudo rejasi bo’yicha Kanada ahli turlicha fikrda. So’nggi so’rovda mamlakat fuqarolarining faqat 41 foizi hukumat rejasini ma’qullashini bildirgan.

Qochoqlarga o’z uylaridan joy berayotgan kanadaliklar ham ko’p. Ikki farzandning onasi bo’lgan Klaudiya Blum bir suriyalikka joy berishga tayyor.

“Men va turmush o’rtog’im qochoqlarning lagerlarda yashab yurgani haqidagi suratlarini ko’rib ko’p ezildik, - deydi u. – Do’stlarimizdan ham shu loyihaga qo’shilishlarini so'radik. Hozir 17 kishimiz”.

Hukumat yuritadigan maxsus viza dasturi bo’yicha muhojirlarni qabul qilishni istagan oilalar ularga mos suriyaliklar bilan biriktirib qo’yiladi.

AQShdagi qarshilik

AQSh Vakillar palatasi Obama ma'muriyatining 10 ming suriyalik va iroqlik muhojirni qabul qilishi bo’yicha rejasiga qarshi ovoz bergan. Kongressda hukmron respublikachilar nazarida, qochoqlar AQSh xavfsizligiga tahdid soladi.

289 qonunchi yoqlab ovoz bergan loyiha endi Senat tasdig’idan o’tishi kerak. Prezident Barak Obama unga veto qo’yishi haqida ogohlantirgan.

Parij xurujida qatnashganlardan biri suriyalik qochoq ekani aniqlangandan beri ko’plab Yevropa davlatlari ham qochqinlarga qarshi chegaralarini mustahkamlashga kirishgan.

“Ortiqcha vahima”

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun migrantlar va qochoqlar, ayniqsa, musulmonlar haqida yangrayotgan shubha-gumonlarni tanqid qildi.

“Muhojirlar va qochoqlarning insoniy huquqlarini hurmat qilishimiz kerak. Ayniqsa, ayirmachilik va xorijliklarni yoqtirmaslik kayfiyati kuchaygan bir paytda”, - dedi u.

Qochoqlar orasida terrorchilar bo’lishi mumkin, degan qo’rquv inqirozni bartaraf etish zaruratini yanada oshiradi, deydi Pan Gi Mun.

Hozirgacha Suriyaga qo’shni yurtlar – Turkiya, Iordaniya, Livan va Turkiya Suriya va iroqlik millionlab qochoqlarga boshpana bergan. BMT Bosh kotibiga ko’ra, bu qadar katta ko’lamdagi inqirozni hal qilish mas’uliyatini bir necha davlatgagina yuklab qo’ymaslik kerak.

Urushda shu kungacha chorak million suriyalik o’lgan. Ixtilof to’rt yil avval hukumatga qarshi tinch namoyishlardan boshlangan. Assad rejimi namoyishlarni kuch bilan bostira boshlagach, fuqarolar urushi kelib chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG