Breaking News

Kapitoliyda robotexnika ko'rgazmasi tashkil etildi


Texnologiya va siyosat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

Texnologiya va siyosat

AQSh Kongressi talabalar va yangi kompaniyalar ishlab chiqqan texnologiyalar ko'rgazmasini tashkil etdi. Amerika kashfiyotlar yurti ekanidan faxrlanadi, deydi qonunchilar.

"Hozirgi emas, kelasi avlod uchun sarmoya kiritadigan biror hukumat bo'lsa, bu AQSh bo'lishi kerak", - dedi Jorjiya shtatidan saylangan kongressmen Rob Vudal.

Kongressning Robotexnika va Kashfiyotlar kengashlari birgalikda kashfiyotlar va texnologiyalar ko'rgazmasini tashkil etdi. Undan maqsad Amerika yoshlari va yangi kompaniyalari yaratgan texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash.

Mana bu jajji robot o'zi ko'rgan narsalarning xaritasini yaratadi.

"Bu robot do'kondagi javon tokchalari orasida harakatlanib, mahsulotlarning qayerda joylashganini ko'rsatuvchi xarita chizadi", - deydi ko'rgazma qatnashchilaridan biri.

Mana bu robot esa autizm bilan og'riydigan bolalarga yordam beradi.

"Bu o'yin orqali autizm kabi xastaliklarga chalingan bolalarga ijtimoiy aloqa o'rnatish yo'llarini o'rgatamiz", - deydi tadqiqotchi Tin Shuo Chu.

Odamlar hayotini saqlashga xizmat qiladigan dron ham bor.

"Bu qushcha portlamay qolgan bomba va boshqa portlovchi moslamalarni topishga mo'ljallangan", - deydi "Hkrobotics" kompaniyasi vakili Uorren Uilyams.

Ko'rgazmada harbiy dengizchilarning quloqlari uchun himoya to'siqlarini ishlab chiqaruvchi uch o'lchamli skaner va kichik tunnellarga kira oladigan, boshiga kamera o'rnatilgan ilon ham bor.

Ko'plab robotexnika va avtomatik moslamalarni ulkan korporatsiya yoki hukumat agentliklari ishlab chiqarayotgan bo'lsa-da, yakka shaxslar va kichik guruhlar orasida ham ajoyib kashfiyotlar uchrab turadi.

"Ularga kerakli texnik va moliyaviy yordamni bersangiz, bu odamlar ajoyib innovatsion yechimlar bilan chiqishiga guvoh bo'lasiz", - deydi NASA tadqiqotchisi Stiven Yurjik.

Ko'rgazmada ko'plab martabali mehmonlar, xususan, kongressmen Dana Rorabaker ham qatnashdi. Dunyo yuzlashayotgan iqtisodiy muammolar kashfiyotlar orqali yengiladi, dedi u.

"Bu yoshlar nafaqat yangi texnologiyalarni yaratyapti, balki bizni yaxshiroq yashash standartlari sari boshlamoqda", - dedi qonunchi.

Rorabakerning aytishicha, boylik qattiqroq ishlash bilan emas, balki mehnat samarasini oshiradigan yangi texnologiyalar orqali yaratiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG