AQSh Milliy park xizmati rasmiylarining aytishicha, bu yil poytaxt Vashingtondagi olcha gullarining yarmini sovuq urib ketgan. Har yili olcha gullagan mahal shaharga yarim milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi.
Dastlab, fevralda kunlar erta isib ketgani bois yapon olchalari erta gullashni boshladi. Daraxtlar endi qiyg’os gullayman deb turganda esa kutilmaganda havolar keskin sovib, qor bo’roni yuz berdi.
Park rasmiylarining aytishicha, o’tgan hafta havo minus 5 darajagacha tushgach, ochilib ulgurgan gullarni sovuq urdi. Hali gullamaganlari esa omon qolgan.
Mutaxassislar daraxtlarning o’ziga jiddiy zarar yetmaganini aytmoqda. Sovuqdan omon qolgan kurtaklar 25-26-mart kunlari to’la gullashi kutilyapti. Bu avvalroq taxmin qilingan muddatdan kech.
Poytaxt markazidagi suv havzasi atrofiga 1700 ga yaqin olcha daraxti ekilgan. Har yili ular tarixiy va milliy obidalar manzarasida gullab, mamlakatga bahor kelganidan darak beradi.
Shahar bo’ylab bunday manzarali, meva bermaydigan olcha daraxtlari soni 3000 atrofida. Ularni AQShga do’stlik ramzi sifatida 1912-yil Yaponiya sovg’a qilgan.