Breaking News

Mekong suv to'g'oni yuzasidan munozaralar davom etmoqda


Xitoy dunyoda eng ko’p suv to’g’oniga ega davlat. Ammo chegaradagi Mekong daryosiga qurilayotgan navbatdagi damba xalqaro e’tirozlarga sabab bo’lmoqda. 2011-yil Birma hukumati qator namoyishlar ortidan ushbu qo’shma loyihadan chiqqan. Dambaning asosiy homiysi Xitoy loyiha xususida oshkora ma’lumot bermaydi.
Xitoyning suv to'g'onlari muammosi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00
Yuklab oling

Xalqaro daryolar guruhi ma’lumotiga ko’ra, xorijda, ayniqsa, Afrika va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida xitoyliklar yuzlab suv to’g’onlarini bunyod etgan.

Vashingtondagi Genri Stimson nomli tadqiqotlar markazining Janubi-sharqiy Osiyo dasturi rahbari Richard Kronin Xitoy kompaniyalari xalqaro gidroelektrostansiyalar qurilishida faol ishtirok etmoqda, deydi.

“Mekong daryosida qurilayotgan 11 ta suv to’g’onining to’rt yoki beshtasi Xitoy kompaniyalari tomonidan qurilmoqda. Xitoy, ayniqsa, Laos va Kambojada bunyod etilayotgan infratuzilmaning barcha tarmoqlarida faol”, - deydi u.

Ammo xitoyliklar qo’llayotgan qurilish uslublari atrof-muhit va odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko’rsatayotgani bois turli noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Mekong daryosiga qurilayotgan yangi to’g’on eng ko’p bahslarga sabab bo’ldi.

Xobart va Uilyam Smit kolleji professori Darrin Magiga ko’ra, muammoning asosida aniq ma’lumotlarning yo’qligi turibdi.

“Munozaraning sabablaridan biri aniq ma’lumotning yo’qligi bilan bog’liq. Bu to’g’on daryoning quyi qismidagi oqimga qanchalik ta’sir ko’rsatadi? Bu haqda aniq tushuncha mavjud emas”, - deydi professor.

Tadqiqotchi Richard Kronin esa Xitoyni ma’lumotlarni qasddan yashirayotganlikda ayblaydi. Uning aytishicha, Pekin gidrologiya axborotini davlat siri deb biladi. Shuningdek, loyihalar ustidan umumiy nazorat yo’q, chunki har bir damba mustaqil loyihadir, deydi Kronin.

Birma bilan hamkorlikda qurilayotgan Mitsun dambasi hozir xalqaro bahslarning markazida turibdi. 3,6 milliard dollarlik qo’shma loyiha Xitoy elektr va investitsiya korporatsiyasi, Birma Energiya vazirligi hamda yana bir xususiy kompaniya hamkorligida moliyalangan. To’g’on qurilishiga qarshi qator norozilik namoyishlari bo’lib o’tgach, Birma hukumati 2011-yilda loyihadagi ishtirokini to’xtatib qo’ydi.

Stimson markazi tadqiqotchisi Sun Yun tomonlar manfaatlari har xil ekanini aytadi.

“Xitoyning markaziy hukumati, mahalliy Yunnan viloyati hamda Xitoy energiya korporatsiyasi turli maqsadlarni ko’zlagan”, - deydi u.

Sun Yunning aytishicha, Pekin Birma bilan yaxshi aloqada bo’lishni istaydi; mahalliy Yunnan viloyati hukumati esa Xitoyning janubi-g’arbiy hududlari uchun energiya manbai bo’lish niyatida. Energiya va investitsiya korporatsiyasi esa loyihaga faqat daromad manbai sifatida qaramoqda, deydi tahlilchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG