Breaking News

Xitoylik dissident yurtiga qayta olmayapti


Uyg'ur millatiga mansub xitoylik dissident Vu Er Kayshi (uyg'urcha ismi O'rkesh Davlat)
Uyg'ur millatiga mansub xitoylik dissident Vu Er Kayshi (uyg'urcha ismi O'rkesh Davlat)
1989-yilda Pekinning Tiananmen maydonida uyushtirilgan talabalar namoyishining yetakchilaridan biri shu hafta Tayvandan Xitoyga qaytmoqchi bo’ldi, ammo mamlakatga kiritilmadi. Uyg’ur millatiga mansub bu faol Xitoydagi ota-onasini borib ko’rmoqchi bo’lgan edi.

45 yoshli Vue Kayshi Tiananmen voqealari munosabati bilan Xitoyda qidiruvga berilgan shaxslar ro’yxatida ikkinchi o’rinda turadi. U Xitoyga Gonkong orqali kirmoqchi bo’lganida qaytarib yuborildi. Shu bilan uning so’nggi to’rt yilda vataniga qaytishga qaratilgan navbatdagi harakati muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Vue Kayshining asl ismi O’rkesh Davlat. Tiananmen voqealaridan so’ng avval Fransiyaga, so’ng Amerikaga qochadi. Keyin esa Tayvanga ko’chib, o’sha yerdan uylanadi. 10 yil oldin u nasroniylikni qabul qilgan.

“Men aybsizman, nomimni oqlamoqchiman”, deydi u.

Faol to’rt bor o’zini Xitoyga topshirishga harakat qildi. Xitoy uni hibsga olishga hukm chiqarib, mamlakatga kiritmayotganini Kayshi kinoya bilan tilga oladi.

"Men ularga “Xitoyda jinoyatchi sifatida qidiruvdaman, taslim bo’lmoqchiman”, dedim. Ota-onamni ko’rmaganimga 20 yildan oshdi. Gonkong hukumati meni Xitoyga ekstraditsiya qilishida menga yordam beradi degan umiddaman", - deydi Kayshi.

Gonkonglik qonunchi Albert Xo unga bu ishda ko’maklashmoqchi. Kayshi 2012-yilda Vashingtonda bo’lgan payt Xitoy elchixonasiga o’zini topshirmoqchi bo’ldi, ammo uni ichkariga olishmadi. Xoning aytishicha, ikki farzandning otasi bo’lgan Kayshi qamoqda o’tirishga ruhan tayyor.

"Unda ota-onasini ko’rish istagi qamoqda o’tirish qo’rquvidan ham kuchli. U o’ziga belgilanishi mumkin bo’lgan jazo chorasiga qo’shilmasa-da, qo’rquvini yengishga muvaffaq bo’ldi", - deydi qonunchi.

Vue Kayshi Gonkong aeroportida besh soat kutib, murodiga yeta olmadi. Uni Tayvanga deportatsiya qilishdi. Odatda Gonkong Xitoy qidiruv ro’yxatiga tushgan shaxslarni bu mamlakatga ekstraditsiya qiladi.

“Men ularning bu qaroriga hayron qoldim”, deydi Gonkongdagi Xitoy universiteti professori Ma Ngok.

"Agar uni Xitoyga kiritishganida, Pekin noqulay ahvolga tushib qolardi. Bir tomondan, unga qarshi chora ko’rilsa, bu xalqaro jamoatchilik diqqat markaziga tushishi mumkin. Xitoyga hozir buning keragi yo’q. Boshqa tomondan esa, Xitoy uni mamlakatga kiritib, qamamasa ham bo’lmaydi. Shu sababdan Pekin Vue Kayshini umuman kiritmaslikka qaror qildi", - deydi siyosatshunos.

Siyosiy tahlilchi Villi Lam 1989-yilgi isyon paytida faol bilan Tiananmen maydonida bir necha bor ko’rishgan. Lamning aytishicha, Xitoy prezidenti Si Zinpin qora ro’yxatga tushgan sobiq talaba faollari bo’yicha bir qarorga kelishi kerak.

"20-30 nafari siyosatga ortiq aralashmaymiz, deb yurtiga qaytib borgan. Biroq Vue Kayshi va hozir Amerikada yashayotgan Chay Lin kabi guruh yetakchilari hali ham hukumat asabiga tegmoqda", - deydi Lam.

Bundan tashqari, deydi ekspert, Kayshining uyg’ur ekani ham uni Xitoyga kiritmaslikka yana bir sabab.

"Tiananmen maydonida yaqinda ro’y bergan portlashdan so’ng uyg’urlar Pekin uchun yana boshog’riq bo’ldi. Lekin Kayshining Shinjon mustaqilligi uchun kurashayotgan tashkilotlar bilan aloqasi yo’qligini ta’kidlash lozim. 1989-yil voqealaridan ko’p vaqt o’tgan bo’lsa-da, Pekin talabalar harakatining ayrim yetakchilarini hanuz mamlakatga kiritmoqchi emas", - deydi tahlilchi.

Tiananmen maydonida talabalar namoyishining kuch bilan bostirilgani haqida Xitoyda ortiq gap ochilmasa-da, harakat rahbarlarining ishi unutilmagan, deydi Xo.

"Xitoy yopiq jamiyat bo’lgani uchun u yerda nimalar bo’layotganini bila olmaysiz. Hukumat xalqning o’sha voqealar haqida bilishini istamasa-da, odamlar 1989-yilni unutmagan", - deydi mutaxassis.

Kelasi yil Tiananmen voqealariga chorak asr to’larkan, iyun oyida Gonkongda Xitoy hukumati qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan yirik tadbir rejalanmoqda. Unda yuz minglab odamning ishtirok etishi kutilyapti. Xitoyning o’zidan ham ko’p odam bo’lishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG