Breaking News

Xitoy matbuotida islohotlar nazoratning kuchayishiga olib kelishi mumkin


Xitoyda matbuot
Xitoyda matbuot
Xitoy hukumati yirik iqtisodiy islohotlar e’lon qilib, anchadan beri tanqidga sabab ijtimoiy sohada ham o’zgarishlarni asta-sekin amalga oshirmoqchi. Kommunistik partiya yaqinda bu haqda hisobot chop etgan.

Unga ko’ra, ommaviy axborot vositalarini ham islohotlar kutmoqda, ammo erkinlikni, axborot nazorati yengillashishini kutmaslik kerak, deydi kuzatuvchilar.

"Amerika Ovozi"ning Pekindagi muxbiri Bill Aydning xabar qilishicha, oy boshida mamlakatda Xalqaro jurnalistlar kuni nishonlandi. Tadbir shunchaki rasmiyatchilik uchun o’tkazilgan, xolos.

Aslida Xitoyda jurnalist bo’lish oson emas. Masalan, yaqinda davlatga qarashli kompaniya haqida tanqidiy maqola yozgan bir muxbir hibsga olindi. Keyinchalik uni davlat televideniyesida ko’rsatishdi. Muxbir pora olganini aytib, maqolani to’qib chiqarganiga iqror bo’ldi.

So’nggi bir yilda internetdagi ijtimoiy sahifalarda qoldirilgan tanqidiy izohlar uchun javobgarlikka tortuvchi bir necha qonunlar qabul qilindi. Siyosiy mavzularda mulohaza yurituvchi taniqli bloggerlar bosimga uchradi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, so’nggi islohotlarda asosiy diqqat nazoratga qaratiladi. Xususan, hisobotda ijtimoiy fikrni shakllantirish va favqulodda vaziyat ro’y bergan taqdirda uni internet orqali yoritish mexanizmini takomillashtirish zarurati haqida gapiriladi.

Hukumat jurnalistlar yordamida poraxo’r davlat xizmatchilarini fosh etishni ham ko’zda tutmoqda.

Shanxaydagi Fudan universitetining jurnalistika bo’yicha professori Dag Yangning aytishicha, islohotlardan asosiy maqsad ijtimoiy sahifalar ustidan nazoratni o’rnatish.

"Masalaning ikki tomoni bor. Birinchidan, ular internetni nazorat qilmoqchi. Lekin shu bilan birga undan korrupsiya va davlat boshqaruvidagi nuqsonlarni fosh etishda samarali vosita sifatida foydalanmoqchi", - deydi professor Yang.

Bir vaqtlar davlat matbuotida ishlagan, ammo keyin o’z qarashlari uchun ishdan haydalgan sobiq jurnalist Li Daton nazarida islohotlar dasturida yangilik yo’q. Uning aytishicha, axborot muharrirlar tomonidan nazorat qilinadi.

"Hozirgi zamonda axborotni butunlay yashirish imkoni bo’lmasa-da, vazirliklar o’zlaridan chiqayotgan ma’lumotlarga parda tortishi mumkin", - deydi Li.

Sobiq jurnalist fikricha, hukumat ochiqroq bo’lishi lozim. Hisobotda shu mavzu ko’tarilgan. Masalan, davlat kompaniyalari bundan keyin o’z byudjeti va moliyaviy ishlari haqida batafsil ma’lumot berishi kerak bo’ladi. Vazirliklar va davlat idoralariga ham shunday ko’rsatma berilgan.

Xitoylik taniqli jurnalist va sharhlovchi Chan Pinning aytishicha, mavjud tizim matbuotning mustaqil bo’lishiga imkon bermaydi.

Changa ko’ra, ommaviy axborot vositalari partiya va uning siyosiy organlaridan mustaqil bo’lishi lozim.

"Jurnalistlar o’z erkinligi uchun kurashishga harakat qilmoqda, ammo Kommunistik partiya bunday qarashlarga qarshilik bildirib, imkoniyatlarni bo’g’moqda", - deydi Chan Pin.

Hukumat e’lon qilgan rejaga ko’ra, 250 ming jurnalist uchun ma’naviyat kurslari uyushtiriladi. Ularda mish-mishlar tarqalishining oldini olish, jurnalistikaga marksist qarashlarni qo’llash kabilar o’rgatiladi. O’quv-mashg’ulotlaridan oldin esa jurnalistlarga ayrim kitoblarni o’qish va videolarni tomosha qilish tavsiya etilgan. Bepul kurslar oxirida beriladigan testni yaxshi topshirgan muxbirlarning akkreditatsiyalari yangilanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG