Tibet mintaqasiga kengroq muxtoriyat berish to'g'risidagi muhokamalarga o'rin yo'q. Xitoy hukumati bu haqda e'lon qilib, Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama bilan muzokara qilish niyati yo'qligini bildirmoqda.
"Dalay Lama xalqni hukumatga qarshi zo'ravonlikka undashni, mustaqillik talab qilishni bas qilsin", deyiladi bayonotda. Pekin nazarida tibetliklarni o'ziga o't qo'yish orqali noroziligini namoyish etishga undayotgan aynan Dalay Lama va uning tarafdorlaridir.
"Har qanday muzokara bo'lginchilik harakatiga nuqta qo'yishga, Dalay Lama Xitoy hukumati va xalqidan kechirim so'rashiga qaratiladi", - deydi rasmiylar.
Xitoyning Tibetdagi repressiv siyosatiga qarshi norozilik tariqasida 2009-yildan buyon 130 dan ziyod fuqaro o'ziga o't qo'ygan. Pekin buni terrorizm deb baholaydi.
Tibet uchun kengroq muxtoriyat so'rayotgan Dalay Lama va hukumat o'rtasida muzokaralar so'nggi bor 2010-yilda o'tgan edi.