Bir necha yildan beri dunyoning ikki yirik davlat orasida o'ziga xos harbiy hamkorlik mavjud. Iqtisodiy va siyosiy raqobatga qaramay AQSh va Xitoy ko'plab sohalarda muhim sheriklardir. Lekin bu yili birgalikda o'tkazilishi kutilgan harbiy mashg'ulotlar chetga surilgandek.
AQSh dengiz floti qo'mondoni Gari Rossning "Amerika Ovozi" ga aytishicha, yil boshida tomonlar muzokara olib borgan va bu yilgi reja tuzilmoqda.
CSBA tahlil markazidan ekspert Brayan Klark nazarida esa reja odatda yangi yil oldidan tuziladi. Kuzda bu borada kelishib olingan, lekin Tramp ma'muriyati planni yangilamoqchi, deydi u.
Biroq Rossga ko'ra, Oq uy hozircha biror o'zgarish qilgani yo'q.
Xitoy Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Amerika bilan hamkorlikning yangi davri boshlanmoqda. Ikki davlat qurolli kuchlari ko'plab global masalalarda bir yoqadan bosh chiqarishi kerak, deydi Pekin rasmiylari.
O'tgan uch yildan beri har fevral oyida qo'shma mashqlar o'tkazilar edi. Bu yili hech narsa o'tmaganidan zobitlar va tahlilchilar ham hayron.
AQSh bosh harbiysi, qo'shma shtablar rahbari, general Josef Danford Vashingtonda jurnalistlar bilan gaplashar ekan, shunday deydi:
"Harbiy hamkorlik har bir davlatning asosiy maqsadlariga borib taqaladi. Ular siyosiy hamkorlikdan kelib chiqadi. Ishonch bilan aytamanki, Xitoy-Amerika harbiy hamkorligi yuzasidan xavotirga hojat yo'q. Aloqadamiz. Aloqada qolishimiz kerak. Juda bo'lmaganda dengiz va havoda turli tahdidlarning oldini olishda birga ishlashimiz zarur".
O'tgan oy Xitoy harbiy samolyoti Amerikaniki bilan to'qnashishiga sal qolgan. Voqea Xitoy va Filippin talashib kelayotgan suvlar, Janubiy Xitoy dengizi, ustida yuz bergan. Mojaroda AQSh Filippin tomonini olib keladi.
Manilaga ko'ra, bu dengizda Xitoy soxta orollar barpo etib, hududni butkul o'ziniki qilib olmoqchi. Pekin esa bu suvlar va orollar azaldan uning mulki ekanini iddao qiladi. Samolyotlar bir-biriga nima uchun yaqin kelgani hozirda tekshiruv ostida.