Breaking News

Xitoy AQSh fazo agentligini diskriminatsiyada aybladi


NASA, AQSh Fazo agentligi kelasi oy Kaliforniyada yirik ilmiy anjuman o’tkazishga hozirlik ko’rmoqda, ammo unga Xitoy olimlari taklif etilmagan.
Xitoy AQSh fazo agentligini diskriminatsiyada aybladi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:22 0:00
Yuklab oling

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi NASA ni diskriminatsiyada ayblamoqda. Vazirlik so’zlovchisi Hua Chunying deydiki, ilm-fan sohasi siyosatdan xoli bo’lishi kerak.

Konferensiya tashkilotchilari vaziyatni tushuntirib bayonot chiqargan. Unda ishtirok etish istagini bildirgan xitoylik tadqiqotchilarni, afsuski, moratoriy sabab ro’yxatdan o’tkaza olmaymiz, deyiladi unda.

Gap shundaki, Xitoy va bir necha boshqa davlatlar fuqarolari AQSh Fazo agentligi inshootlariga kirishi man etilgan. Joriy yilning mart oyida bu haqda qonun qabul qilingan bo’lib, unda milliy xavfsizlik sabab qilib ko’rsatiladi. NASA ana shu qonunga amal qilayapti, xolos.

Anjumanga bosh-qosh amerikalik olimlar taqiq haqida o’zimiz ham yaqinda bilib qoldik, aks holda tadbirni NASA markazida o’tkazmagan bo’lardik, deydi. Ayrimlar xitoylik akademiklar chetlatilgan konferensiyani umuman boykot qilmoqchi.

Amerikalik kongressmen Mayk Xonda “Amerika Ovozi” bilan suhbatda taqiqni bema’nilik deya izohladi.

“Ilm ahli bir joyga yig’ilgandan keyin albatta fikr-g’oyalar almashiladi, bu ma’lumot barcha uchun ochiq. Tadbirga birovni taklif etasizmi, yo’qmi, u yerda bo’lgan muhokamalarni bilib olish qiyin emas. Bu qanaqasiga xavfsizlikka tahdid bo’lsin?” - deya hayron qonunchi.

Britaniyaning “Guardian” nashri NASA rahbariyati yuborgan bir maktubni chop etdi. Unda yozilishicha, yuqorida tilga olingan qonun Xitoy fuqarolarini NASA inshootlariga yaqinlashtirmaslikni nazarda tutadi.

Ammo qonunni ishlab chiqqan respublikachi kongressmen Frank Vulfning idorasi bunday talqinni inkor etmoqda. Ma’lum bo’lishicha, NASA ga Xitoy hukumati yoki hukumatga qarashli kompaniyalar bilan hamkorlik qilish man etilgan. Xitoy fuqarolariga qaratilgan biror cheklov yo’q.

Kongressmen Vulf Fazo agentligidan bu tushunmovchiliklarga oydinlik kiritishni, shuningdek, kelasi oyga rejalangan konferensiya tashkilotchilari va jurnalistlarga to’g’ri ma’lumot berishni so’ragan.

NASA idoralari hozir yopiq. Federal hukumat faoliyati qisman to’xtagani bois agentlik xizmatchilari majburiy ta’tilda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG