Breaking News

Olim Seytoff: Xitoy yangi rahbarining uyg'urlarga nisbatan siyosati mavhum


Olim Seytoff, Uyg'ur-Amerika Uyushmasi prezidenti
Olim Seytoff, Uyg'ur-Amerika Uyushmasi prezidenti
Uyg'ur yetakchisi Xitoy yangi rahbari haqida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:00 0:00
Yuklab oling

(Lavhaning to'liq audio ko'rinishi)

Xitoyda o’tgan yil noyabrida Kommunistik partiya raisi etib saylangan Si Zinpin mart oyidan boshlab prezident ham bo’ladi. Uning rahbarligi ostida Xitoy ichki va tashqi siyosati qanday bo’lishi mumkinligi haqida hozir ko’p gapirilmoqda.

Mamlakat g’arbida yashovchi uyg’urlar hayoti va taqdiriga bu hol qanday ta’sir qiladi? Uyg’ur-Amerika uyushmasining prezidenti Olim Seytoff yaqinda Vashingtondagi bir uchrashuvda shu haqda so’zladi.

Xitoyni so’nggi 10 yildan beri boshqarayotgan va martda muddati tugab, iste’foga chiqishi kutilayotgan prezident Xu Sintao davrida uyg’urlar hayoti yanada og’irlashdi, deydi surgun va muhojirotdagi uyg’ur faollari. Ularning aytishicha, iqtisodiyot kuchaygani va Xitoyning jahondagi nufuzi oshgani bilan bu millat madaniyati, dini va tili yanada kattaroq xo’rliklarga uchradi.

Xuning o’rinbosari Si Zinpin bir oydan so’ng hokimiyatni qabul qilib oladi. Ammo uning Shinjon viloyati va unda yashovchi salkam 10 million uyg’urga nisbatan siyosatining qanday bo’lishi hozircha mavhum.

Olim Seytoff nazarida, tashqi bosimsiz Xitoy uyg’urlar va inson huquqlari masalasida mustaqil ravishda islohotga qo’l urishi dargumon, chunki milliy masalalarda Pekin xitoylarni boshqa elat vakillaridan ustun qo’yib kelgan. Natijada Xitoyda yashovchi tibetliklar va mo’g’ullar ham hayotidan nolib keladi.

Barak Obama prezidentligining ikkinchi muddatida Xitoyga bosimni oshirishi lozim, deydi uyg’ur faoli.

Uyg’ur-Amerika uyushmasi AQSh hukumati va Kongressidan uyg’urlar huquqlarini buzgan xitoylik rasmiylarni Amerikaga kiritmaslikni, AQShdagi hisob raqamlari va mulkini muzlatishni, Urumchida konsullik ochib, Sharqiy Turkistonda inson huquqlari ahvolini yaqindan kuzatishni so’ramoqda.

Olim Seytoff Markaziy Osiyoda, xususan O’zbekiston, Qirg’iziston va Qozog’istonda uyg’urlar dardiga quloq solinmayotganidan afsusda, ammo Xitoy bosimi ostida qolgan bu mamlakatlarni tushunamiz, deydi.

Uyg’ur-Amerika uyushmasi prezidentining aytishicha, Xitoyning mart oyidan boshlab lavozimiga kirishayotgan yangi rahbari Si Zinpin oldin Sharqiy Turkiston masalasi bilan shug’ullanmagan, ammo hozirgi prezidentga qaraganda ancha mo’tadil hisoblanadi.

Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodirning yaqinda AQSh gazetasida chiqqan maqolasida aytilishicha, yangi rahbar Si Zinpinda buyuk islohotchi arbob bo’lish imkoni bor va u shu imkoniyatdan to’liq foydalanishi zarur.

Robiya Qodir Xitoyda uyg’urlarga nisbatan madaniy qatliom to’xtatilsin, deydi. Unga ko’ra, Sharqiy Turkiston maktablarida uyg’ur tilida o’qitish kamayib bormoqda, xitoylarning viloyatga migratsiyasi nazorat qilinmayapti, islom diniga salbiy tus berilmoqda.

(Olim Seytoff bilan to'liq suhbatni yuqoridagi audio player orqali tinglashingiz mumkin)
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG