Breaking News

Shinjonda 800 uyg’ur terrorizm aybi bilan hibsga olingan


Xitoy hukumati Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida terrorizm va ekstremizmni yo’q qilishga qaratilgan katta operatsiya boshlagan. Kuzatuvchilar nazarida shu bahonada hukumat musulmon uyg’urlarni nishonga olmoqda.

Shinjonda 800 uyg’ur terrorizm aybi bilan hibsga olingan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:06 0:00
Yuklab oling

Pekinga ko’ra, tobora beqarorlashib borayotgan mintaqada tinchlik o’rnatish va turmushni yaxshilash uchun zarur choralar ko’rilyapti.

Rasmiy matbuotda chop etilgan raqamlar va sud hukmlariga nazar tashlaydigan bo’lsak, shu yilning may oyidan buyon 800 nafar uyg’ur terrorizm aybi bilan hibsga olingan.

Bahorda ro’y bergan qonli hujumlar ketidan aksil-terror operatsiyasi yanada kengroq tus oldi. Avvaliga 200 odam ushlangan bo’lsa, maydan iyunga qadar yana 400 kishi so’roq uchun olib ketilgan.

Huquq-tartibot idoralari iyundan keyingi raqamlarni hali e’lon qilmagan. Ammo mintaqada so’nggi payt zo’ravonlik avj olganidan so’ng mahalliy matbuotda 230 uyg’ur hibsga olingani haqida xabarlar paydo bo’ldi.

Jahon uyg’urlari kongressi vakili Dilshod Rashidning aytishicha, hukumat o’z hisobotlarida odatda raqamlarni kamaytirib ko’rsatadi.

“Shinjondagi manbalardan bilamizki, may oyidan beri mingdan ziyod odam qamoqqa olingan. Noqonuniy va boshqa maxfiy usullar bilan ushlanganlar hisobga olinsa, ko’rsatkichlar yanada yuqori chiqadi”, - deydi u.

2009-yilgi namoyishlar paytida Xitoy harbiylari 1400 uyg’urning qo’liga kishan solgan edi. Etnik mojaro o’shanda qariyb 200 kishining boshini yegan.

Xitoy matbuoti xabarlarida o’tgan uch oyda Shinjonda 50 dan ziyod terrorchi guruh yo’q qilingani da’vo qilinadi. Regionda diniy ekstremizm quloch yozishida Pekin, ko’pincha, chet eldagi tashkilotlarni ayblaydi hamda uyg’ur jihodchilar Yaqin Sharq davlatlarida paydo bo’layotganiga e’tibor qaratadi.

Xitoyning Yaqin Sharqdagi maxsus elchisi Vu Saykning aytishicha, shinjonlik ekstremistlar Yaqin Sharqda harbiy tayyorgarlikdan o’tgan, ayrimlari esa Iroqda jang qilmoqda.

Iroq va Shom islomiy davlati degan terror tizimining rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiy yaqinda qilgan nutqida musulmonlar ko’plab davlatlarda xor bo’layotganini qayd etib, Xitoyni ham tilga olgan. Xitoy matbuotida bu haqda qator maqolalar chop etildi.

Siyosiy tahlilchi Rafaello Pantuchchiga ko’ra, al-Qoida singari terrorchi guruhlar internetdagi bayonotlarida Shinjonni tilga olsa-da, orada aloqa bor deb aytish to’g’ri emas.

“Masalan, al-Zavohiriy o’z bayonotlarida Fors ko’rfazi, Shimoliy Afrika, Pokiston va Suriyada ittifoqchilarimiz bor deb ochiq aytadi. Shinjon esa musulmon aholi ezilayotgan, tahqirlanayotgan joylar qatorida sanab o’tiladi”, - deydi Pantuchchi.

Tanqidchilar muxtoriyat aholisi orasida norozilik kuchli ekani, ayrimlar qo’liga qurol olayotganida kommunistik hukumatni ayblaydi, repressiv siyosatni sabab qilib ko’rsatadi. Adolat, tenglik va qonun ustuvorligi ta’minlanmagan joyda tinchlik bo’lmaydi, deydi ular.

Jahon uyg’urlari kongressining o’z manbalariga tayanib bildirishicha, bugun Shinjondagi ahvol urush zonasini eslatadi. “Odamlar hatto o’z uyida ham o’zini xavfsiz his etmaydi”, - deydi tashkilot vakili Dilshod Rashid.

Xitoylik tahlilchilarning qayd etishicha, hukumat aksil-terror operatsiyasini o’tkazish barobarida aholi uchun sharoitni yaxshilashga harakat qilayotganini ham rad etib bo’lmaydi. Masalan, 14 yoshgacha bo’lgan bolalarni bepul o’qitish, maktablarda ikki tilda dars berish kabi takliflar muhokamada. Qashg’arda yirik universitet qurilmoqda.

Yaqin bir yilda zo’ravonlik va to’polonlar Shinjon janubida ro’y bergani bejiz emas. Uyg’urlar zich yashaydigan bu hududda qashshoqlik, imkoniyatlarning yo’qligi eng katta muammo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG