Xitoy rahbariyatiga ko’ra, Shinjon viloyatida ro’y bergan zo’ravonliklar natijasida o’nlab odam halok bo’lgan.
“Sinxua” davlat axborot agentligi 28-iyul kuni viloyatning ikki shahrida to’dalar uyushtirgan hujumlarda xitoylar va uyg’urlar qurbon bo’lganini xabar qildi.
Politsiya o’nlab odamni otib o'ldirgan. Tan jarohatlari olganlar ham ko’p, ammo aniq soni hozircha noma’lum. Rasmiylar bu hujumlarni terrorchilik deb atadi.
Rasmiy Pekin davlat matbuoti orqali zo’ravonliklar yuz berganini mudhish hodisalardan bir kun o’tib tasdiqladi. Undan oldin internetda, Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida tartibsizliklar haqida ma’lumot paydo bo’lgan edi.
Ayrim xabarlarga ko’ra, zo’ravonliklar yuz bergan shaharlardan biri Yorkentga hech kim kiritilmayapti. Ba’zilar telefon orqali suhbatlar ham nazorat qilinayotganini hamda shahardagi hodisalar haqida gapirayotgan fuqarolar mish-mish tarqatayotganlikda ayblanib, hibsga olinayotganini aytgan.
Xitoy rasmiylari bunday zo’ravonliklarda doim uyg’ur ayirmachilarini ayblab keladi va diniy ekstremistlar xorijdan yordam olayotganini iddao qiladi.
Hukumat tanqidchilari esa rasmiy Pekinning qatiqqo’l siyosati, diniy va madaniy erkinliklarni cheklashi uyg’urlar noroziligini kuchaytirayotganini ta’kidlaydi.
AQSh o’zining diniy erkinliklarga bag’ishlanib 28-iyul kuni e’lon qilgan hisobotida Xitoy rahbariyatini Shinjondagi siyosat uchun tanqid qildi.
“Bir-ikki kishi harakatlari uchun butun diniy yoki etnik jamoani jazolash faqat zo’ravonlik va ekstremizmning kuchayishiga olib keladi”, - deydi AQSh Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat idorasi rasmiysi Tom Malinovski.
So’nggi bir yil ichida Shinjon va mamlakatning boshqa qismlarida yuz bergan zo’ravonliklarda 200 ga yaqin odam nobud bo’ldi. Muammoga javoban hukumat bir yillik xavfsizlik kampaniyasini boshlab, mintaqada qo’shinlar va politsiyachilarni ko'paytirdi.
Shu yil boshida chop etilgan Xitoy hukumatining terrorizmga oid hisobotiga ko’ra, 2013-yilda 10 ta terror xuruji amalga oshirilgan. Ulardan yettitasi, shu jumladan o’tgan dekabr Yorkentdagi hujum Shinjonning Qashqar prefekturasida yuz bergan.
Bundan oldin hukumat hujumlar haqidagi ma’lumotni tezda tarqatgan. Masalan, may oyida Urumchida 31 odam yostig’ini quritgan fojia haqida ham darhol xabar berilgan edi. Bu safar nima sababdan ma’lumotlar 24 soat o’tib tarqatilgani aniq emas.