Breaking News
Din

Xitoy musulmonlari: "Hayotimiz so'nggi yillarda ancha yaxshilandi"


Xitoyda musulmonlar soni tez o’smoqda. Rasmiy statistikaga ko’ra, aholining 20 milliondan ziyodi islomga e'tiqod qiladi. Ayni paytda hukumat ularni qattiq nazoratga olgan. Shimoli-g’arbiy Ninsya rayoni Xitoyda musulmonlar eng ko’p bo’lgan avtonom hudud hisoblanadi.

Ninsyada joylashgan Na Jia Xu masjidi 500 yoshda. U Xitoyning eng qadimiy islomiy obidalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda ibodat qiluvchi 74 yoshli mahalliy musulmon Naning aytishicha, o’tgan asrning 60-70-yillaridagi Madaniy inqilob davrida musulmonlar ta’qib etilib, kommunistlar masjidni vayron qilishga uringan.

Yinchuan viloyatidagi masjid
Yinchuan viloyatidagi masjid
“Eskilarimiz bunga qarshilik qilishgan. Masjid mis zavodiga aylantirilgani uchun askarlar uni buzishmagan”, - deydi u.

Xueylar qadimda Buyuk Ipak Yo’li bo’yicha savdo qilgan, Xitoyda qolib, mahalliy aholi bilan qorishgan arab va forslarning avlodlari. Ularning soni 10 million atrofida.

Naning aytishicha, so’nggi paytlarda Xitoyda musulmonlar hayoti ancha yaxshilangan.

“Islohot va oshkoralik davri boshlangandan beri vaziyat so’z bilan ta’riflab bo’lmaydigan darajada yaxshi tomonga o’zgardi”, - deydi otaxon.

Xueylar Xitoyning eng katta musulmon etnik guruhidir. Ular Shinjon viloyatida yashovchi uyg’urlariga qaraganda Xitoy jamiyatiga chuqurroq integratsiyalashgan.

Na Jia Xu masjidi boshqaruv qo’mitasi rahbari Lu Jimingning aytishicha, Xitoy hukumati mamlakatdagi barcha musulmonlar bilan til topa bilishi kerak.

74 yoshli otaxon Na
74 yoshli otaxon Na
“So’nggi yillarda musulmon dunyosida katta o’zgarishlar ro’y berishi oqibatida davlatimiz “qonun bo’yicha boshqaruv” tizimini ishlab chiqdi. Maqsad ayirmachilik, uyg’unlikning yo’qligi kabi muammolarning hududlarimizda ro’y berishiga yo’l qo’ymaslik”, - deydi u.

Xitoyda davlatga qarashli 10 ta islomiy bilim yurti faoliyat ko’rsatadi. Hukumat nodavlat islomiy institutlarning tashkil etilishiga ham ruxsat bergan. Ninsya rayoni Xuey va islom instituti rahbari, musulmon olim Ma Pinning aytishicha, imomlar va toliblar hukumat ishlab chiqqan umumiy qonun-qoidalar doirasida faoliyat ko’rsatadi.

“Imom bo’lish uchun ruxsat olishni istasangiz, hukumatdan guvohnoma olish kerak. Shundan so’ng masjidga borib imomlik qilishingiz mumkin”, - deydi u.

Mahalliy olimning aytishicha, xueylar - tinchlikparvar elat. Yaqinda mahalliy hukumat vakillari va musulmonlar o’rtasida kelib chiqqan to’qnashuvning o’ziga xos sababi bor, deydi u. Ushbu nizo qishloqda yangi bunyod etilgan masjid hukumat tomonidan buzib tashlangandan so’ng yuzaga chiqqan. Maning aytishicha, musulmonlar masjidni qurish uchun hukumatdan ruxsat olmagan. Shuning uchun yangi qurilgan ibodatxona noqonuniy deb topildi, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG