Breaking News

Olimlar zararli gazlarni yer ostiga qamab qo'ymoqchi


Olimlarning aytishicha, sayyorani iqlim falokatidan qutqarish uchun vaqt oz qolyapti. Quyosh va shamoldan quvvat olish texnologiyalari rivojlanib borayotganiga qaramasdan, ko’mir, neft va tabiiy gaz hali bir necha o’n yillar asosiy energiya manbai bo’lib qolaveradi. Yoqilg’idan foydalanish natijasida ajralib chiqadigan karbonat angidrid gazini jamlab, qamab qo’yish haqida o’ylashimiz kerak, deydi olimlar.

Skot Kvilinan Vayoming universitetida geolog. Maxsus ko’zoynak bilan u yer osti jismlar tuzilishini 3D formatda ko’ra oladi.

“Bu toshlarga karbonat angidridni joylasa bo’ladi. Shtatning besh asr davomida g’amlangan zararli gazlarini yer ostida saqlash mumkin”, - deydi Skot Kvilinan.

Yer osti qatlamlarida millionlab yil davomida tabiiy gaz saqlangan. Demak, karbonat angidridni u yerga joylab, xavfsiz saqlash mumkin, deydi geolog.

“Shtatning boshqa qismlarida yer ostida geliy bor. Demak, karbonat angidrid gazini ham qamab qo’ysa bo’ladi”, - deydi mutaxassis.

Kerakli tog’ jinslarini topish uchun olimlar taxminan uch kilometrgacha yer qa’rini kovlab, namunalar olishdi.

Suyuqlik o’tkazmaydigan, zich qatlam bilan o’ralgan g’ovakli tosh qatlamini qidiryapmiz, deydi geolog Fred Makloflin.

“Ko’rib turganingizdek, ushbu karbonat kichik teshikchalar bilan qoplangan. Ana shu bo’shliqni karbonat angidrid bilan to’ldirsak bo’ladi”, - deydi Makloflin.

Bu tadqiqotlar Vayoming shtati uchun muhim. Ko’mir, neft va tabiiy gaz shtat iqtisodiyotining poydevori. Ularni yoqish iqlim o’zgarishiga olib kelmoqda.

“Mijozlarimiz uglerod chiqindilari haqida qayg’uradi. Vayoming qazilma boyliklardan foydalanishda davom etsa, chiqindini boshqarishda ham ilg’or bo’lishimiz kerak”, - deydi Kvilinan.

Ammo chiqindi gazlarni yer qa’riga joylashdan avval uni yig’ish kerak. Shu maqsadda Vayoming shtati 15 million dollar sarflab, Jilet shahridagi elektrostansiya qoshida sinov markazi ochgan.

Jeyson Begger shtatning infrastruktura idorasini boshqaradi.

“Bu yerda gaz yetkazish tarmog’i yaratilgan. Elektr stansiya chiqindilarining taxminan besh foizi sinov shoxobchalariga yo’naltiriladi”, - deydi Jeyson Begger.

Laboratoriyada bir guruh tadqiqotchilar stansiyadan uglerod gazlarni yig’ib olishning arzon, samarali yo’llarini izlaydi.

Kelasi yili 20 million dollarlik loyiha finalistlari karbonat angidrid gazidan mahsulot yaratish bo’yicha raqobatlashadi.

Masalan, toza va kuchli sement. Protein. Plastik mahsulotlar. Bioyoqilg’i. Nanotolalar. Va baliq uchun yem.

AQShning ko’mir bilan ishlaydigan zavodlari yopilmoqda. O’rniga arzonroq va tozaroq ishlaydigan stansiyalar ishga tushyapti.

Biroq dunyoda ko’mirga talab hamon yuqori. Xitoyda 2006-yildan beri ko’mirga ehtiyoj uch baravar oshgan.

“Global iqlim va chiqindi gazlar haqida chindan ham xavotirda bo’lsak, dunyo bo’ylab qo’llanishi mumkin bo’lgan texnologiya kerak”, - deydi Jeyson Begger.

Vayoming shtati aynan shu texnologiyani yaratgan joyga aylanmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG