Breaking News

Klinton Afrikani SPIDga qarshi bo'shashmaslikka chaqirdi


AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton (chapdan ikkinchi) Janubiy Afrika Sog'liqni saqlash vaziri Aaron Motsoaledi (chapda) bilan Keyptaun yaqinidagi klinikada, Janubiy Afrika, 8-avgust, 2012-yil.
AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton (chapdan ikkinchi) Janubiy Afrika Sog'liqni saqlash vaziri Aaron Motsoaledi (chapda) bilan Keyptaun yaqinidagi klinikada, Janubiy Afrika, 8-avgust, 2012-yil.
AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning 11 kunlik Afrika safari o’z nihoyasiga yetdi. Klinton to’qqiz davlatga tashrifi chog’ida SPIDga qarshi kurashga katta urg’u berdi. Qo’shma Shtatlar qit’ani bu balodan qutqarish uchun milliardlab dollar sarflamoqda. Klinton bilan qit’a bo’ylab safar qilgan Amerika Ovozi muxbiri Ann Lukning xabar berishicha, davlat kotibi virusga chalinishning oldini olishda hikmat ko’p, dedi.

Xillari Klintonning Afrikada qadami yetgan har bir mamlakat rahbarlariga aytishicha, VICh/SPIDga qarshi kurashda bo’shashmaslik kerak.

Klinton Malavida test markazi, Janubiy Afrikada SPID muolajasi uchun zarur dori-darmon tarqatuvchi shirkat, Ugandada tibbiy klinikani ko’zdan kechirdi. Bu tashabbuslarning barchasi AQSh moliyasi hisobiga ishlamoqda.

Qo’shma Shtatlar 2004-yildan beri 3,2 milliard dollar sarflagan.

Tomonlar sa’y-harakatlari tufayli, deydi Klinton, millionlab odamlar muolaja oldi, bepul tekshirildi, virusning onadan bolaga o’tish sur’ati keskin pasaydi.

"10 yil burungi Janubiy Afrikaga nazar tashlaydigan bo’lsak, katta yutuqlarga erishilganini ko’rsa bo’ladi. SPID misli ko’rilmagan miqyosda milliy baloga aylangan edi. Zudlik bilan millionlab odamlarni muolaja qilish kerak edi. Hamkorlikda buning uddasidan chiqdik. Ammo kasallik hali ham yurtga tahdid solmoqda. U bilan jiddiy shug’ullanish kerak", - deydi Klinton.

Janubiy Afrikada SPIDning oldini olishga katta e’tibor qaratilgani bilan aholining salkam 18 foizida virus aniqlangan. 5,6 million odam kasalga yo’liqqan.

BMT hisobiga ko’ra, qit’ada 40 foizga yaqin kasallarda antiretroviral muolaja olish imkoni bor. 2002-yilda bu raqam atigi ikki foiz atrofida edi.

Klinton Ugandada ham bo’ldi. Bu mamlakatda olti yilda VIChga yo’liqish sur’ati 6,4 foizdan 7,3 foizga ko’tarildi.

Bu qit’ada bir vaqtlar VICh/SPIDga qarshi kurashda yetakchi bo’lgan davlat uchun achinarli hol, deydi Klinton.

"Kasallikning oldini olish so’nggi yillarda susayib, infeksiya yana kuchaymoqda. Virus pasayish o’rniga qaytadan jonlanayotgan mamlakatlardan biri", - deydi Klinton.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Ugandaga 25 million dollarga teng qo’shimcha moliyaviy yordam beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG