Breaking News

Xillari Klinton Afrikada. Demokratiya va iqtisodiy yordam haqida muzokaralar


Keniya poytaxti Nayrobi, 4-avgust, 2012-yil.
Keniya poytaxti Nayrobi, 4-avgust, 2012-yil.
AQSh bosh diplomati Xillari Klinton Afrika bo’ylab sayohatini davom ettirar ekan, bugun Keniyada bo’lib, bu jamiyatni demokratiya tomon dadil harakat qilishga undadi.

Ishni erkin va adolatli saylovlardan boshlash kerak, deydi u. Keniyada saylovlar odatda qonli yakunlanadi. Besh yil oldingi ovoz berish jarayoni va undan keyingi zo’ravonliklarda 1200 dan oshiq insonlar halok bo’lgan.

Amerika, deydi Klinton, Keniya demokratiyasi, tinchligi va taraqqiyoti uchun mablag’ ajratishda davom etadi.

U bu davlat prezidenti, bosh vaziri va boshqa rasmiylar bilan uchrashgan. Klinton ularni xalqqa xizmat qilishga chaqirgan.

AQSh tashqi ishlar vazirasi notinch Somali rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Bu davlatda yaqinda muvaqqat konstitutsiya qabul qilindi. Yangi prezident va parlament saylanishi kerak.

Klinton yosh davlat Janubiy Sudan yetakchilari bilan ham muzokaralar olib bordi. Ulkan yordam va’da qilindi.

Undan oldin esa Uganda poytaxti Kampalada bu davlat rahbariyati bilan uchrashuvlar o’tdi. Jangarilarga qarshi kurash asosiy masala bo’ldi.

AQSh Davlat kotibasi endi Malavi va Janubiy Afrika Respublikasiga boradi.

Klintonning Sudandagi nutqi Xitoy tanqidiga uchradi

Klinton Sudan va Janubiy Sudanni urush yoqasiga olib kelgan tortishuvlarni bas qilishga undayapti.

Janub poytaxti Jubada to’xtab o’tgan Klinton prezident Salva Kiir bilan muloqotda u, o’tgan yili ikkiga bo’lingan mamlakat hukumatlari murosa yo’lini tanlashi, xususan, neftdan tushgan daromadni taqsimlash borasida kelishuvga erishishi zarur deb aytgan.

Qora oltin konlari Janubiy Sudan nazoratida, ammo quvurlar shimol hududidan o’tgan.

Afrika xotin-qizlarini quvvatlash kerak, deydi Klinton
Afrika xotin-qizlarini quvvatlash kerak, deydi Klinton
“Suveren davlatlarsiz, lekin bir-biringizga tayanishga majbursiz”, - deydi Xillari Klinton.

Fuqarolik, neft daromadi va chegara muammolarini hal etish uchun BMT belgilagan muhlat kecha nihoyasiga yetdi. Bu degani, tomonlar sanksiya bilan jazolanishi mumkin.

Uning “Afrikadagi tabiiy boyliklarni ekspluatatsiya qilishga urinayotgan davlatlar bilan hamkorlik qilmang”, degan bayonoti Xitoyni g’azabga keltirgan.

"Shinxua" axborot agentligi chop etgan maqolada Klintonning so’zlari “qo’pol”, “o’rinsiz” va aynan Pekinga qaratilgan, deb qoralanadi. Xitoy-Afrika munosabatlari do’stlik va tenglikka asoslangan, Vashington buni tan olgisi kelmaydi, deyiladi maqolada.

Afrika o’lkalari bilan Xitoy o’rtasidagi savdo aylanmasi o’tgan yili 166 milliard dollarga yetdi. Dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyoti mineral resurslarga tashna ekani sir emas.

AQShdagi ayrim doiralarning tanqidi shuki, Pekin iqtisodiy manfaatlari yo’lida inson huquqlari va korrupsiyaga ko’z yumishga, avtokratik tuzumlarni qo’llab-quvvatlashga tayyor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG