Breaking News

Federal xizmatchilar ishlamagan kunlariga pul olishi mumkin


AQSh Kongressida respublikachilar hukmron Vakillar palatasi byudjet qabul qilinmagani bois ishga chiqmagan davlat xizmatchilarining ish haqqini kafolatlovchi qonun loyihasini bir ovozdan qabul qildi. Shu hafta boshidan beri 800 mingdan ziyod federal xizmatchi maoshsiz uyda o’tirishga majbur bo’lgan.

Oq uyning bildirishicha, prezident Barak Obama loyihani imzolashga tayyor. Hujjat avval Senat tasdig’idan o’tishi kerak, biroq u yerda ham to’siqqa uchramasligi aytilmoqda.

AQShda 1-oktabr moliya yilining birinchi kuni. Yangi byudjet shu kunga qadar qabul qilinmagani bois Kongress davlat xizmatchilariga maosh to’lashga pul ajratmagan. Natijada bir millionga yaqini byudjet qabul qilinmaguncha uyda o’tirishga majbur. Biroq ayrim muassasalarda ish to’xtab qolgani bois ba’zi mutaxassislar ishga chaqirilgan.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner byudjet qachon qabul qilinishini bilmayman, deydi.

"Prezident Obama qachon respublikachilar bilan o'tirib, muzokara boshlasa, shunda masalani hal qilsa bo'ladi", - dedi u.

Spikerga ko'ra, respublikachilarning byudjet bo'yicha e'tirozlari inobatga olinmasa, muxolifat davlatning qarz olish chegarasini kengaytirishga ovoz bermaydi.

Bunga doir qonun 17-oktabrgacha qabul qilinmasa, AQSh defoltga uchrashi mumkin.

Respublikachilar prezident Obama taklif etgan sug'urta dasturini bekor qilishni yoki uning muhokamasini bir yilga kechiktirishni talab qilmoqda. Davlat rahbari esa byudjet qabul qilinib, qarz olish minimumi ko'tarilsagina, respublikachilar bilan sog'liqni saqlash qonuniga doir hujjat va sarfiyatlar xususida muloqotga tayyorman, demoqda.
XS
SM
MD
LG