Breaking News

AQSh qonunchilari Trans-Tinch okeani savdo kelishuviga qarshi


Prezident Barak Obama Amerika va Osiyo o'rtasida savdo hamkorligini targ'ib etishda davom etayotgan bir paytda, Trans-Tinch okeani hamkorligi kelishuvining kelajagi mavhum. AQSh Senatining har ikki partiyaga mansub vakillari bitimni ma'qullamoqchi emas.

Prezident Obama Vyetnamga safari davomida savdo kelishuvining Kongress tasdig'idan o'tishiga ishonch bildirdi. Ammo Kapitoliyda respublikachi senator Lindsi Grem AQSh rahbarini o'ziga haddan ziyod ishonmaslikka chaqirdi.

"Bu o'zini aldash yoki haddan ziyod optimizm. Savdo bitimi hozir to'xtab turibdi", - deydi u.

Prezidentlik uchun kurashayotgan nomzodlar - Donald Tramp, Hillari Klinton va Berni Sanders ham savdo kelishuviga qarshi.

"Amerika bo'ylab savdo bitimlariga nisbatan ishonchsizlik hukmron. Amerikada ishlab chiqarish ishlari okeanortiga ketganini bilamiz. Shuning uchun ishonmaslikka asos bor", - deydi senator Durbin.

Mark Uorner bitimni qo'llab-quvvatlayotgan sanoqli demokratlardan biri.

"Har bir savdo kelishuvida yutganlar va yutqazganlar bo'ladi. Iqtisodiy ko'chish, ayniqsa, Xitoy bilan savdoda, allaqachon yuz berib bo'ldi. Bu kelishuvda Xitoy umuman qatnashayotgani ham yo'q", - deydi u.

Bitim tarafdorlari noyabrda bo'ladigan prezidentlik saylovidan so'ng qonun muammosiz o'tishidan umidvor. Saylov kampaniyasi davrida Kongress, odatda, bahsli masalalarda ovoz berishdan o'zini tiyadi.

Ammo bunga ham to'la kafolat yo'q. Demokrat senator Chak Shumerning aytishicha, bunday qonunni Kongressdan o'tkazish har doim qiyin bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG